Mamlakatimizda so‘ngi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimida islohotlar amalga oshirilib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish ishlari yaxshilanib bormoqda.
Shu qatorda keksa, boquvchisini yo‘qotgan va mehnatga layoqatsiz aholiga pensiya tayinlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soddalashgan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yaqingacha pensiya tayinlash uchun fuqarolar faqatgina doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishlari kerak edi.
Prezidentimizning 2023 yil 31 oktyabrda qabul qilgan “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan fuqarolarga davlat pensiyasi tayinlash yuzasidan yangi imkoniyatlar yaratildi.
Qarorga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab fuqaro yoki uning qonuniy vakiliga yashash joyidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazida so‘rovnoma yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilish huquqi berildi. Buning natijasida fuqarolarga pensiya tayinlash bo‘yicha o‘zlariga qulay usulda murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Bu kabi qulayliklar, albatta, aholini hayotdan rozi bo‘lib yashashga, davlat boshqaruviga ishonchning ortib borishiga xizmat qiladi.
Ravshanbek Xalilov,
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Chust tuman bo‘limi
fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sho‘’basi bosh mutaxassisi.