Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pensiya ta’minoti sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
15:02 / 2025-10-02

Jahon miqyosida pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimlarini rivojlantirish, xalqaro tajribalardan foydalanish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish dolzarb hisoblanadi.

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan Xalqaro ijtimoiy himoya forumida bu haqda fikr almashildi.

Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi (ISSA) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli forumda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Ushbu forum doirasida Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi va Turkiya ijtimoiy himoya instituti vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. 

Tomonlar o‘rtasida pensiya ta’minoti va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Pensiya va ijtimoiy himoya to‘g‘risida”gi bitim loyihasi yuzasidan hamkorlikda ish olib borish, tajriba almashish hamda ushbu yo‘nalishda ishchi guruhlar tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Shuningdek, 1 oktyabr kuni delegatsiya Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi Bosh kotibi Marselo Abi-Ramiya Kayetano bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Muzokaralarda Pensiya jamg‘armasi xodimlarini ISSAning texnik komissiyalari faoliyatiga jalb etish, xususan, yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya va nafaqalar, tashkilotni boshqarishda innovatsiyalar, xalqaro shartnomalar va ma’lumotlar almashinuvi kabi masalalar muhokama qilindi. 

So‘ngra tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash amaliy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Jamg‘arma axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston pensiya tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro tajriba va standartlarni amaliyotga joriy etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA