Sirdaryo viloyatida har oyda yuz mingdan ziyod fuqaro pensiya oladi. Bu mablag‘ ular uchun shunchaki iqtisodiy ta’minot emas, balki hayotdagi barqarorlik va ishonch ramzi hisoblanadi. Nuroniylar pensiyasini olib, farzandlari va nabiralari davrasida tinch-totuv kun kechirsa, mehnatga layoqatini yo‘qotganlar davlat himoyasini o‘z hayotida his qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Sirdaryo viloyat boshqarmasi OAV va jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda jamg‘arma boshlig‘i Dilmurod Sadullayev 2025-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Uning ta’kidlashicha, sohadagi natijalar faqat raqamlarda emas, balki inson taqdirlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

– Pensiya tayinlash va uni o‘z vaqtida to‘lab berish orqali biz nafaqat iqtisodiy majburiyatni, balki har bir oilaning turmush farovonligi uchun mas’uliyatni ham zimmamizga olamiz, – dedi u. – Joriy yilda 3,5 mingdan ziyod fuqaroga pensiya tayinlandi. Ularning orasida hayotning og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan nogironlar ham, boquvchisini yo‘qotgan yosh oilalar ham, yoshi ulg‘aygan nuroniylar ham bor.

Muloqotda qayd etilganidek, mart oyidan pensiyalar proaktiv tarzda tayinlana boshladi. Ya’ni fuqaro ariza yozib yurmasdan, tizimning o‘zi uning huquqini aniqlab, pensiyani rasmiylashtirib beradi. Bu jarayondan allaqachon yuzlab sirdaryoliklar bahramand bo‘ldi. Pensiya ta’minotida shaffoflikka erishishda raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgacha 6,5 mingdan ziyod boquvchisini yo‘qotganlik holati raqamlashtirilib, ko‘rsatkich 98,5 foizga yetdi. Demak, har bir fuqaroning huquqi aniq va hisobli bo‘lib bormoqda.

Shuningdek, muloqotda eng dolzarb masalalardan biri — korrupsiyaning oldini olish bo‘ldi. Yil boshidan buyon o‘tkazilgan 26 ta targ‘ibot tadbiri orqali televideniye, radio, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib — aholiga tizimdagi yangiliklar hamda oddiy fuqarolarning huquqlari ochiq va tiniq tarzda yetkazib borildi.
Fuqarolar bilan bevosita muloqotga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda 185 marta sayyor uchrashuv o‘tkazilib, nuroniylar, boquvchisini yo‘qotgan yosh onalar va mehnatga layoqatini yo‘qotgan kishilar o‘z savollariga javob olishdi, huquqiy va amaliy yordamdan bahramand bo‘lishdi. Ayni paytda murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga kamaygani aholining tizimga ishonchi ortayotganidan dalolat bermoqda.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 106 mingdan ziyod fuqaro pensiya oladi. Joriy yilning olti oyi mobaynida ularga qariyb 940 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli ko‘p — 67 milliard so‘mdan ortiq.
Ochiq muloqot qizg‘in savol-javoblar tarzida o‘tdi. Jurnalistlar va jamoatchilik vakillari mutasaddilarga savollar berib, zarur ma’lumotlarni olishdi. Eng muhimi, mazkur uchrashuv pensiya tizimida ochiqlik va hisobdorlik yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri