Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pensioner harbiy xizmatchilar uchun tibbiy ko‘rik
10:30 / 2021-10-03

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati yashayotgan nafaqadagi harbiy xizmatchi pensionerlar uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro fondi viloyat filiali chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etdi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va nafaqadagi harbiy pensionerlarni har taraflama ijtimoiy himoya qilib, salomatligini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunga muvofiq tashkil etilgan tibbiy ko‘rik doirasida pensiyadagi harbiy xizmatchilar malakali mutaxassislar qabulida bo‘lib, rentgen, UTT, EKG va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida sifatli ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri shakllantirish haqida tibbiy maslahatlar berildi.

¬ – Yurt himoyasiga otlangan chog‘imda 18 yoshdagi o‘smir edim,¬ – deydi Termiz  shahrida yashaydigan zaxiradagi polkovnik Qayum Jumayev.¬ –Mudofaa vazirligi tizimida 30 yil xizmat qildim. 2000-2001 yillarda Uzun va Sariosiyo tumanlarida qurollangan jangarilar bilan to‘qnashuvlarda ishtirok etdim. Biz xizmat qilgan yillarda harbiylarga bunday e’tibor yo‘q edi. Hozirgi sharoitlarni ko‘rib, yana Vatan himoyasiga otlangim keladi. Faxriylarga berilayotgan imtiyozlar va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklardan ham g‘ururlanib ketaman. Mana, bugungi tadbir chog‘ida biz eng malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdik. Tegishli maslahatlarni oldik.

Shu kuni faxriylar Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida bo‘lib, bayram tadbirida ishtirok etdi.

–¬Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, shtab boshlig‘i, polkovnik Bahodir Yangiboyev qatnashgan mazkur tadbirda navbatdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tib, o‘zini yanada bardam his etgan faxriylarimizga alohida extirom ko‘rsatildi,¬ – deydi Termiz garnizoni III darajali serjanti Akbar Ahmedov.¬ – Ular O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyati bo‘limi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, viloyat xokimligi mutasaddilari hamda Qozog‘iston Respublikasi Shimkent shahrida o‘tkazilgan 14-Osiyo chempionatida “Vatanparvar” tashkiloti viloyati kengashi nomidan qatnashib, “Havo miltig‘idan o‘q otish” yo‘nalishida oltin medalga sazovar bo‘lgan Nigina Saidqulova, kumush medal sovrindori Nuriddin Nuriddinovlar bilan dildan suhbatlashdi. Kuch-quvvatga to‘la harbiy xizmat davrini yodga oldi.

Tadbirda ustozlar, bir guruh faxriylar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

 

 

 Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA