English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Penoblokdan xaridorgir mahsulotlar
19:22 / 2015-04-30

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida jahon bozorida xaridorgir va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sohada faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida jahon bozorida xaridorgir va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sohada faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-noyabrdagi Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida viloyatning texnik va texnologik qayta jihozlangan korxonalarida xaridorgir va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Urganch shahridagi “Xorazm decor art” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday korxonalar sirasiga kiradi.

Yosh tadbirkor Kamola Grish rahbarlik qilayotgan ushbu kichik korxona penoblokdan oyiga ikki yuzdan ortiq dizayndagi 9 ming kvadrat metrga teng dekorativ qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

– Bunday qurilish ashyosini ishlab chiqaradigan korxonalar mamlakatimizda juda kam, viloyatimizda esa biz birinchi bo‘ldik, – deydi K.Grish. – Shu paytga qadar dekorativ penoblok mahsulotlari xorijdan keltirilar edi. Mahsulotimiz asosan qurilish inshootlarini dekorativ bezashda ishlatiladi. Uning afzalligi beton, gips va boshqa qorishmalardan tayyorlanadigan ishlanmalarga qaraganda ancha yengil va yaroqlilik muddatining uzoqligida. Xona haroratini bir me’yorda saqlaydi. Devorning tovush o‘tkazmaslik xususiyatini yanada oshiradi. Imoratning tashqi tomonidan qo‘llanilganda quyosh nuri, yomg‘ir, qor kabi tabiiy korroziyalarga ta’sirchanligi juda past.

Bu yerda tayyorlanayotgan dekorativ profil, ustun va burchak ustunlari xaridorlarga juda manzur bo‘lmoqda.

– “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining ochilish va yopilish marosimlari o‘tkaziladigan Urganch shahridagi “Olimpiya” stadioni, Yoshlik ko‘chasida joylashgan sport inshootlarining tashqi va ichki qismlarini bezatishda ushbu korxona mahsulotlaridan keng foydalanmoqdamiz, – deydi “Ural Les Prom” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Olimboy Ro‘zmatov. – Korxona dizayneri tomonidan yaratilgan turli andozalar obyektlarni milliy va zamonaviy uslubda bezatishda qo‘l kelmoqda.

Korxona rahbari Kamola Grish yaqinda bo‘lib o‘tgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining hududiy bosqichida “Eng yosh tadbirkor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Ayni paytda yosh tadbirkor bank krediti evaziga yangi dastgohlar xarid qilib, mahsulot turini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirmoqda.