Bugun Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahridagi Xitoy milliy san’at va hunarmandchilik muzeyi – Xitoy nomoddiy madaniy meros muzeyida O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ikki davlat madaniyat vazirlari hamda O‘zbekiston va Xitoy Badiiy akademiyalari raislari, madaniyat, san’at sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov ushbu ko‘rgazmaning tashkil etilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy muloqotning muhim bosqichi hisoblanishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi bir necha uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi global tinchlik, farovonlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikka yangi turtki bo‘ldi.
Pekinda O‘zbekiston san’ati ko‘rgazmasining ochilishi ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining asosiy bo‘g‘inini tashkil etib kelgan O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi kundagi darajasini ko‘rsatishga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Xitoy san’at akademiyasi, O‘zbekiston respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasida Shahnoz Abdullayeva, Akmal Nur, Fayzullo Ahmadaliyev, Ibrohim Valixo‘jayev, Baxtiyor Mahkamov va boshqa ko‘plab rassomlarimizning so‘nggi o‘n yilda yaratgan 50 ta rangtasvir asari namoyish etilmoqda.
Kartinalarda Sharqning qadimiy rivoyatlari, she’riyat va tarixdan ilhomlangan turfa obrazlar, xalq turmushi, jamiyatning yangi hayoti va ijodiy faoliyatining o‘ziga xos qirralari ochib berilgan.
Ekspozitsiyaning xalq amaliy san’at bo‘limiga bag‘ishlangan qismida ko‘p asrlik an’analarga asoslangan, zamonaviy o‘zbek hunarmandlarining nodir san’at asarlari namoyish etilmoqda.
Toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik asarlari, Toshkent, Samarqand va Buxoro hunarmandlarining kashtachilik, kandakorlik va miniatyura asarlari, shuningdek, marg‘ilonlik abrband-ustalar tomonidan qo‘lda to‘qilgan adras va shoyilar, Rishton va G‘ijduvon usta kulollarining ijodiy buyumlari shular jumlasidandir.
N.Usmonova, O‘zA