Pekindagi Olimpiya shaharchasida so‘nggi 24 soat ichida 55 kishida koronavirus aniqlandi.
Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, delegatsiyalar Pekinga kelgan kuni COVID-19 kasalligi bilan bog‘liq eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.
Hozirgacha musobaqaga kelgan uch yuzga yaqin fuqaroda virus aniqlangan. Ayni paytda ularning barchasi tashkiliy qo‘mita talabi asosida karantinga olingan. Ular orasida sportchilar ham bor.
Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi talabi qanday?
Qo‘mitaning asosiy talabi – Pekinga kelishdan oldin vaksina olish. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari mamlakatga kelishidan oldin bir marta va keyin ikki marta PZR testini topshirishi kerak.
Olimpiadada sportchilar intizomga ega. Ular har kuni sinovdan o‘tishi shart. Test natijalari musbat bo‘lsa, Olimpiadada qatnashish huquqi bekor qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bugun Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev marosimda ishtirok etish uchun Pekinga borgani haqida xabar bergan edik. Tadbirga Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Turkmaniston yetakchilari ham tashrif buyuradi.
O‘zA