Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pekin, Sian va Chendu shaharlaridagi energetika tizimi korxonalariga press-tur 
14:21 / 2024-02-05

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, savdo, ijtimoiy xavfsizlik kabi sohalarda keng qirrali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda Xitoy O‘zbekiston uchun asosiy savdo sherikka aylandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi o‘tgan 2023 yilda salkam 14 milliard dollarga teng bo‘ldi. Kelgusida bu ko‘rsatkich 20 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va uning tizim tashkilotlari matbuot kotiblarining Xitoyga press-turi tashkil etildi. Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda. 

Press-tur qatnashchilari Xitoyning Pekin, Sian va Chendu shaharlaridagi energetika tizimi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ilk ob’ekt Pekin shahridagi “China Energy International Co. LTD” korporatsiyasi bo‘lib, u 2011 yilda tashkil etilgan. Uning dunyodagi 140 davlatda faoliyat ko‘rsatuvchi bo‘linmasida 100 ming nafardan ziyod xodim ishlaydi. Umumiy aktivi 154 milliard AQSH dollari. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugunga qadar kompaniya tomonidan umumiy 1060 GVt quvvatli 300 dan ortiq loyiha yo‘lga qo‘yilgan. 

Press-tur ishtirokchilari kompaniyaning elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish hamda ularga xizmat ko‘rsatishga doir tajribasi bilan tanishdi. Shu bilan birga, ularga issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalari qatorida quyosh, shamol va atom elektr stansiyalari kabi “yashil” energetika manbalarini qurish va saqlash borasidagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Qayd etilishicha, “China Energy International Co. LTD” tomonidan O‘zbekistonning bir necha hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishida umumiy qiymati 2 milliard 450 million dollarga teng loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. 

Jumladan, kompaniya Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishida bosh pudratchi sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga energiya samaradorligini oshiruvchi sement zavodini ishga tushirdi. Bundan tashqari, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quvvati 500 MVt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasini qurmoqda. Ushbu stansiyalarning dastlabki quvvati 2023 yilning 27 dekabrida umumiy tarmoqqa ulandi va bugunga kelib O‘zbekiston energetika tarmog‘iga ekologik toza “yashil” energiya yetkazib bermoqda. 

Shu bilan birga, Navoiy viloyatida quvvati 600 MVt bo‘lgan gibrid elektr stansiyasini (quyosh, shamol va elektr energiyasini saqlash tizimi) qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent, Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlari hududida 8 ta elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasi boshlab yuborilgan. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA