Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pekin-2022: Olimpiada rekordi, nemislarning shiddati va kutilayotgan bahslar
23:30 / 2022-02-11

11 fevral kuni qishki Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan 7 ta yo‘nalishda g‘olib va sovrindorlar aniqlangan bo‘lsa, 4 ta yo‘nalishda saralash musobaqalari o‘tkazildi.

Kutilganidek, oq olimpiadaning 7-kunida ham yangi rekord o‘rnatilgan kun sifatida tarixga kirdi. Konkida yugurish bahslarida shvetsiyalik Nils van der Pul 12:30.74 natija ko‘rsatib, olimpiada rekordini o‘rnatdi.

Chang‘i poygasida 15 kilometrlik masofada raqiblarini ortda qoldirgan Iivo Niskanen Finlandiya uchun ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Tog‘ chang‘isining supergigant yo‘nalishida ayollar o‘rtasidagi bahsda shveysariyalik Lara Gut-Bexrami Olimpiada chempioniga aylandi.

Shuningdek, kun davomidagi bahslarda, xabar berganimizdek, erkaklar o‘rtasidagi snoubord musobaqasining xafpayp yo‘nalishida yaponiyalik Ayumu Xirano, ayollar o‘rtasida biatlonning sprint yo‘nalishida norvegiyalik Marta Ryoyseland, short-trekning 1000 metr masofali ayollar musobaqasida Niderlandiya vakilasi Syuzanne Sxyulting, erkaklar o‘rtasida skeleton kurashlarida germaniyalik Kristofer Groter oltin medallarga musharraf bo‘lishdi.

Aynan nemis sportchisining skeleton musobaqalarda zafar quchishi Germaniya terma jamoasining oltinlari sonini 7 taga yetkazdi va umumjamoa hisobidagi yetakchiligini mustahkamlab olishiga xizmat qildi.

Nils van der Pulning konkida yugurishda Olimpiya o‘yinlari rekordi va oltin medalga sazovor bo‘lishi ham Shvetsiya vakillarini 4-o‘rindan kuchli uchlikka kutarilishiga yordam bermadi.

Umumjamoadagi ikkinchi va uchinchi o‘rinlar bugun oltin medalga ega chiqqan Marta Ryoyseland va Syuzanne Sxyultingning muvaffaqiyati evaziga Norvegiya hamda Niderlandiya davlatlariga nasib etib turibdi.

Shu paytgacha 3-o‘rinda borayotgan Avstriya jamoasi 11 fevral kungi bashlarda Miryam Puxnerning tog‘ chang‘isining supergigant yo‘nalishida 2-o‘rinni egallashi ham ularni kuchli uchlikda bo‘lishini ta’minlay olmadi. Oqibatda avstiyaliklar kunni 5-o‘rin bilan yakunlashdi.

Hozirgacha XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan 91 ta mamlakatdan 26 tasining sportchilari sovrindorlar qatoridan joy olib turibdi.

O‘yinlar mezboni xitoyliklar 3 tadan oltin-kumush va 1 ta bronza medali bilan umumjamoada 7-o‘rinda bormoqda.

12 fevral kuni sportchilar o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan snoubord, chang‘ida uchish, konkida uchish, biatlon, chang‘idan sakrash va skeleton bo‘yicha oltita sovrinlar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.

Shuningdek, 6 ta yo‘nalishda qishki Olimpiya o‘yinlarining saralash musobaqalari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Komiljon To‘xtayev 13 fevralda tog‘ chang‘isining gigant slalom bahslarida, 16 fevral kuni esa slalom bahslarida qatnashadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA