Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
PEFA mezonlari asosida O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalari
22:53 / 2024-01-25

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik (PEFA) mezonlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Jahon banki vakillari va mustaqil ekspertlar tomonidan tashkil topgan guruhi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ahadbek Haydarov, Jahon bankining boshqaruv va davlat sektori boʻyicha katta mutaxassisi Kay-Aleksander Kayzer, Jahon bankining shaharsozlik boʻyicha katta mutaxassisi Rosanna Nitti va boshqalar mamlakatimizda xalqaro moliya institutlari va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish, ayniqsa, davlat mablagʻlaridan unumli foydalanish va uning nazoratini jahon standartlari talablariga mos ravishda yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks ishlar olib borilayotganiga eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, ushbu sohada Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasida mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatilgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash kerakki, Jahon banki vakillari va mustaqil ekspertlarning mamlakatimiz moliya tizimini navbatdagi Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari asosida baholash yuzasidan texnik koʻmakni amalga oshirish missiyasi doirasida davlat moliyasini PEFA mezonlari asosida baholash boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari uchun ikki kunlik seminar va brifinglar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Ushbu seminar ham delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etilgan tadbirlardan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori oʻrinbosari Shohrux Eshonqulovning soʻziga koʻra, PEFA dasturi samaradorlikni oʻlchash uchun miqdoriy koʻrsatkichlardan foydalangan holda davlat moliyasini boshqarishning kuchli va zaif tomonlarini baholovchi va tasvirlab beruvchi majmuadir. PEFA davlat mablagʻlarini boshqarish faoliyatini 31 ta indikator asosida baholaydi. Shuningdek, bugungi kunga kelib dunyoning 150 mamlakatiga yaqin 600 dan ortiq PEFA asosida baholashlar oʻtkazilgan.

– Shundan kelib chiqib, tashkil qilingan ushbu seminar davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari asosida Oʻzbekistondagi davlat moliyasini boshqarish tizimining samaradorligini baholashga bagʻishlandi. Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari, yaʼni PEFAning mazmun-mohiyatini yetkazish va qanday natija berishini, bizga nima uchun baholash mezonlari zarurligi haqida ishtirokchilarga tushunchalar berildi. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, Oʻzbekiston hukumati PEFA asosida baholashlarni bir necha marotaba, jumladan, 2012-yilda va 2018-2019-yillarda mazkur uslubiyot asosida davlat moliyasini boshqarish tizimi samaradorligini baholashdan oʻtkazdi.

Mazkur baholash natijalaridan kelib chiqib, oʻtgan yillarda mamlakatning davlat mablagʻlarini boshqarish tizimida qator islohotlar amalga oshirilgan. Baholashning asosiy natijalari Oʻzbekiston barqaror va samarali amalga oshiriladigan davlat byudjetiga ega ekanini koʻrsatdi. Shunga qaramay, davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarishni yaxshilash, oʻrta muddatli byudjetlashtirishni mustahkamlash, fiskal strategiyani ishlab chiqish, shuningdek, davlat mablagʻlarini oʻzlashtirishning ochiqligini oshiruvchi ishlarni davom ettirish hamda byudjet hisobi va audit sohasida xalqaro standartlarga amal qilish zaruriyati mavjudligi aniqlangan. Taʼkidlash kerakki, PEFA davlatning moliya sohasidagi siyosatini emas, aksincha, u davlat moliyasini boshqarish tizimining holatini baholaydi. Foydali jihati shuki, PEFA biz kelgusida qanday islohotlarni amalga oshirishimiz kerakligini aniqlashda yordam beradi, – dedi Sh. Eshonqulov.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur baholash natijalari mamlakat hukumatiga davlat mablagʻlarini boshqarishning ancha samarali tizimini yaratish, davlat byudjetining ochiqligini va xalqaro donorlar hamda xorijiy kredit beruvchilar uchun mamlakatning jozibadorligini oshirishga koʻmaklashadi.

–Ushbu seminar biz uchun mahalliy mutaxassislar bilan fikr almashish va ular bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratdi, –dedi Jahon bankining boshqaruv va davlat sektori boʻyicha katta mutaxassisi Kay-Aleksander Kayzer. – PEFA mezonlari asosida baholashni amalga oshirish uchun koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlar jamlangan. Agar unda mavjud boʻlmasa, yaqin hamkorlarimiz – Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralarga murojaat qilgan holda, ulardan maʼlumot olinadi.

Chunki bu baholash tizimida ballarga asoslanilgan boʻlsa, qaysidir ball boʻyicha maʼlumot berilmasa, u ballni baholash necha ball ekanligini aniqlash imkoni boʻlmaydi. Shuning uchun ham baholashning eng muhim manbai – maʼlumotlar, deb urgʻu berilmoqda.

Bu maʼlumotlarning qanday boʻlishi, qanday ekanligi haqida hech qanday mavhumlik boʻlmasligi uchun bizning internet veb-saytimiz bor. Uning sahifasida PEFA tizimi boʻyicha toʻliq axborot taqdim etilgan. Ommaga ochiq boʻlgan sahifadagi maʼlumotlarni koʻrib chiqib, oldindan har bir ball boʻyicha zarur talablar boʻyicha ish olib borish va ballarni aniqlash mumkin.

Seminar yakunida soha mutaxassislari hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari tomonidan mazkur baholashdan oʻtkazish Oʻzbekiston davlat moliyasini boshqarish tizimi samaradorligini yanada oshirish va takomillashtirish yoʻnalishlarini koʻrsatib berishi nazarda tutilgan.

Baholash ishlari iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan boʻlib, mazkur baholash natijalaridan kelib chiqib Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda bir qator vazirlik va idoralar tomonidan “2025-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi” loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/5Z3QTgcFaHk" title="PEFA mezonlari asosida  davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA muxbiri