English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pedofillarning umrbod ozodlikdan mahrum etilishi – bolalar huquqlari himoyasini kuchaytiradi
12:55 / 2026-02-19

Prezidentimizning “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi yuzasidan farmoni asosida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi tasdiqlandi. Unda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilishi belgilangan.

Odil sudlov akademiyasi kafedra mudiri Dilshod Isroilov ushbu masalaning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekani haqida gapirib berdi:  

– Pedofiliya – bu voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy qiziqish bilan bog‘liq bo‘lgan psixik buzilish hisoblanadi.

Tibbiy nuqtai nazardan, pedofiliya katta yoshdagi shaxsning asosan yoki doimiy ravishda balog‘atga yetmagan bolalarga jinsiy moyillik his qilishidir.  

Bu holat xalqaro tibbiy tasniflar (masalan, psixik kasalliklar klassifikatsiyasi)da parafiliya turlaridan biri sifatida ko‘rsatiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, pedofil fikr yoki moyillikning o‘zi tibbiy-ruhiy muammo sifatida baholanadi.

Agar shaxs bolaga nisbatan jinsiy harakatlar sodir etsa, bu og‘ir jinoyat hisoblanadi va qonun bilan qat’iy jazolanadi.

Chunki, bunday jinoyatlar bolaning jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.

Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan (18 yoshga to‘lmagan shaxs)larga nisbatan sodir etiladigan jinsiy xarakterdagi jinoyatlar alohida moddalar bilan tartibga solingan.  

130-moddada esa pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish kabi holatlar uchun javobgarlik belgilangan.  

Xorijiy davlatlarda pedofiliya uchun og‘ir jazo turlari belgilangan. Masalan, AQSHda ayrim shtatlarda og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlarda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi va kimyoviy kastratsiya amaliyoti o‘tkazilishi belgilangan.  

Germaniya va Yaponiyada ham og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlarda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Lekin kimyoviy kastratsiya Yaponiyada mavjud emas, Germaniyada esa faqat ixtiyoriy ravishda.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlarda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan, kimyoviy kastratsiya mavjud.

Prezidentimizning parlament va xalqimizga Murojaatnomasida muhim maqsadlar qatorida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish zarurligiga e’tibor qaratilgan.  

Pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilishi 2026-yilgi davlat dasturidan o‘rin olgani jamiyatda bolalarning hayoti, sha’ni va daxlsizligini oliy qadriyat sifatida ta’minlashga qaratilgan zarur huquqiy-siyosiy chora hisoblanadi.

Bunday normaning qonunchilikka kiritilishi, avvalo, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka nisbatan mutlaq toqatsizlik tamoyilini mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Jinoyatning yuqori ijtimoiy xavfliligini e’tirof etish, jamiyatni xavfli shaxslardan uzoq muddatga himoya qilish hamda potensial jinoyatchilar uchun kuchli profilaktik va tiyib turuvchi ta’sir yaratishga qaratilishi bilan ahamiyatlidir.  

Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosining joriy etilishi – davlatning bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi xalqaro majburiyati bajarilishi sari qo‘yilgan yana bir qadam bo‘ladi. Bularning barchasi bolaning eng yaxshi manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Norgul Abduraimova, O‘zA