French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pedofiliya yoxud himoyasiz qolgan bolalar huquqi (+video)
16:53 / 2023-09-23

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik — jamiyat uchun eng dahshatli jinoyatlardan biri. Bu kabi fojialar har doim jamiyatda o‘z aks-sadosini topadi va zo‘ravonlarga eng shafqatsiz jazoni qo‘llash haqidagi chaqiriqlarga sabab bo‘ladi.

2023 yilning 6 oyida 16 yoshga to‘lmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz bilan bog‘liq ishlar uchun 257 nafar shaxsga sud hukmlari o‘qilgan. Qanchalik ko‘p qoralanmasin bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar, xususan, pedofiliya hamon sodir bo‘lishda davom etmoqda. Ovoza bo‘lgan aksariyat jinoyatlar bir-biriga o‘xshash: jinoyatchi maktabdan uyga qaytayotgan yoki sayr qilib yurgan bolani aldov yo‘li bilan olib ketadi. O‘sha Yangixayot tumanidagi voqeani eslang. U kuppa-kunduz kuni sodir bo‘lgandi. 

Bizdagi jazolash tizimi ahloq tuzatish jazosini o‘z ichiga oladi va qamoqda 10 yil o‘tirib chiqqan shaxs butunlay o‘zini isloh qilib chiqdi, deya hisoblanadi. Aslida qamoq insonni yaxshi tomonga o‘zgartira olmasligini, aksincha, badtar qilishini hamma yaxshi tushunadi. 

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan 6 nafari har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi. Bu degani har 5 daqiqada bir nafar bola zo‘ravonlikdan vafot etadi. Bu shunchaki dahshat... 

Afsuski, pedofiliya insonlarda ochiq belgi orqali namoyon bo‘lmaydi. Har kuni yuzlab, minglab odamlar ichida yurar ekanmiz aynan qaysi inson ko‘rinishiga ko‘ra pedofil ekanligini aytib berolmaymiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini tiyadigan, xohishlariga qarshi kurashadigan insonlar borligini tan olishga tayyor bo‘lmaslik, ularga psixologik yordamga murojaat qilishga to‘sqinlik qiladi va bolalarga nisbatan yangi jinoyatlarning sodir bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Inson mayllari va hissiyotlarini doimo jilovlashi hamda yashirib yurishi natijasida u jamiyatdan yakkalanib qoladi. Bu esa bir kuni jinoyat sodir bo‘lishiga olib keladi. Pedofiliya — buzuqlik yoki axloqiy degradatsiya emas, balki kasallik ekanligi haqida ham asosli nazariyalar bor.

Xalqaro tajriba 

Dunyo tajribasida qo‘shni davlatlarda va rivojlangan mamlakatlar qonunlarida pedofillarni ayovsiz jazolash yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Qozog‘istonda 2016 yilda imzolangan “Bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qo‘shni davlatda pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya shaklida keskin jazo chorasi qo‘llashga ruxsat berilgan. Bu jinoyatni sodir etganlar Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 50-moddasiga binoan umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi belgilangan. 

Ukrainada esa bunday jinoyat uchun 7 yildan 15 yilgacha (amnistiyasiz) qamoq jazosi beriladi. Pedofillarning ochiq reyestri yuritiladi va majburiy kimyoviy kastratsiya qilinadi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlar ustidan umrbod ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. O‘zimizda ham Pedofiliya bo‘yicha ko‘plab ayanchli holatlarni eslar ekanmiz, balki Qonunchiligimizda jazo normalariga ba’zi qat’iy o‘zgartirishlar kiritishga ehtiyoj sezamiz. 

Himoyasiz qolgan bolalar huquqi

Jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlarni faqatgina pedofilik buzilishi bo‘lgan insonlar sodir etmaydi. Bolalar nomusiga tegish bilan bog‘liq aksariyat jinoyatlar 80-90% uyda sodir bo‘ladi, zo‘ravonlar esa akalar, o‘gay otalar, oila do‘stlari va hatto o‘z otalari ham bo‘lishi mumkin. Bu kabi jinoyatlarning aksariyati vaziyatga bog‘liq holda ro‘y beradi, ya’ni odamda bolalarga nisbatan kuchli mayl bo‘lmaydi, ammo eng qulay va qo‘l ostidagi himoyasiz qurbon sifatida bola tanlanar ekan. Demak, farzandlarimiz har tomonlama himoyani his qilishi juda muhim. Bizda himoya bo‘yicha ham muammolar yetarli. 

Joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekistonning bolalar huquqi bo‘yicha ombudsmani Aliya Yunusova iste’foga chiqayotganini ma’lum qilgan. 2020 yil fevralidan buyon Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili sifatida ishlab kelgan Aliya Yunusova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari bo‘yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to‘htatayotganimni ma’lum qilaman” deb yozgan . Iste’fo sababi ochiqlanmadi va bu haqida mas’ul tashkilotlar tomonidan xaligacha rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Nb9q0BuPrZk" title="PEDOFILIYAyoxud himoyasiz qolgan bolalar huquqi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

To‘g‘ri, jamiyatimizda global muammolar, bugun yechilishi zarur bo‘lgan iqtisodiy islohotlar yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo gap farzandlarimiz xavfsizligi haqida ketar ekan, bu har bir ota-ona va bola huquqlariga mas’ul har bir tashkilotni hushyorlikka chaqirishi lozim, deb hisoblaymiz. 

“Men barcha davlat organlari, fuqarolik jamiyatlari, faollar va media — barcha-barchani bu jarayonga qo‘shilib, zo‘ravonlikka qarshi kurashning yagona mexanizmiga aylanishga chaqiraman. Zo‘ravonlik — jinoyat. Zo‘ravonlik — bizning madaniyatimiz emas!”.

Saida Mirziyoyeva, Prezident yordamchisi

M.Turdaliyeva, I.Ismatov, O‘zA