Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari doirasida master-trenerlar uchun o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlar davom etmoqda. Unda 11 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha master trenerlar ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda pedagog kadrlarning kasbiy malaka va mahoratini oshirish, ularni ta’lim jarayonidagi eng so‘nggi yutuq va yangiliklar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan muntazam tanishtirib borishga alohida e’tibor berilmoqda.

Ushbu treninglar zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodik yondashuvlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni oshirish, tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim jarayonida samaradorlikni ta’minlash hamda uzluksiz kasbiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.

Mashg‘ulotlar davomida o‘quv natijalarini yaxshilashga qaratilgan samarali baholash, qayta aloqa o‘rnatish madaniyati, loyihaga asoslangan ta’limni tashkil qilish texnologiyalari, shaxsiy va kasbiy rivojlanish maqsad va natijalari, o‘quvchilar farovonligi dasturi, bola xavfsizligi tushunchasi va mezonlari bilan tanishtirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Treninglar 11 sentyabrga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA