English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shart
20:30 / 2023-08-26

Yurtimizda yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Shu bois ham barcha ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish ishlari jadal ketmoqda. O‘z navbatida, pedagog xodimlar ham o‘g‘il-qizlarimizga yangi kuch-g‘ayrat bilan ta’lim-tarbiya berishga hozirlanishmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 46-moddasiga asosan pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shart.  

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova quyidagilarni ta’kidladi:

— Ta’lim tashkilotlari xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish deyarli barcha mamlakatlarda majburiy hisoblanadi. Bundan maqsad — avvalo, pedagog xodimlarda bolalar salomatligiga xavf soluvchi kasalliklar majud bo‘lmagan holdagina bolalar bilan shug‘ullanishini ta’minlash, ularning bolalar bilan ishlash imkoniyati borligini aniqlash bo‘lsa, ikkinchidan, pedagogdagi kasbiy kasallik yoki umumiy kasalliklarni boshlang‘ich holatida aniqlash va ularning rivojlanib ketishining oldini olishdan iborat. 

Bu borada milliy qonunchiligimizda qator tartiblar belgilangan. Xususan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 46-moddasida pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shartligi o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, ushbu Qonunimizning 45-moddasida davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlarining pedagog xodimlari davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tishda chiqimdor bo‘lmasligi belgilangan. Mehnat kodeksining 214-moddasida esa ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik ish davomida vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart ekanligi va tibbiy ko‘riklardan o‘tish jarayonida xodimlarning chiqimdor bo‘lmasligi o‘z ifodasini topgan.  

Yangi o‘quv yili yaqin. Shu bois qo‘mitamiz tomonidan pedagog xodimlarning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilish tartibi, mavjud muammolar va ularning yechimlarini muhokama qilish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida bu yo‘nalishdagi ishlarni muhokama qildik. Muhokamalar chog‘ida har bir vazirlik va idoralar bu boradagi tartib-qoidalar ijrosiga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani, xato va kamchiliklar yuzasidan qat’iy choralar ko‘rmayotgani tanqidiy tahlil qilindi, qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Asosiy maqsadimiz - bolalar salomatligi va hayotini asrash, pedagog xodimlarimizning salomatligini saqlash, ularning bolalar bilan ishlash imkoniyatini aniqlash borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishdan iboratdir.  

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.