Tojikiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligining ta’lim xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti mutaxassislaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rahbariyati Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya bilan uchrashdi.
Tojikistonlik mehmonlar Xalq ta’limi vazirligining Ta’lim sifati jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori Laziz Xo‘jaqulov, Xodimlarni o‘qitish, pedagoglarni tayyorlash va salohiyatini oshirish sho‘’basi boshlig‘i Akmal Hamidov hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev bilan kelgusidagi hamkorlik xususida suhbatlashdi. Unda tomonlar ikki mamlakat ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar, o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasida olib borilgan o‘zgarishlar (uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi va LMS platformasi) hamda ularning jamiyatda tutgan o‘rni, yangiliklar bilan tanishdi. Shundan so‘ng mehmonlar Toshkent shahri bo‘ylab tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
So‘ng asosiy e’tibor “Uzluksiz kasbiy ta’lim” modeli va LMS platformasiga qaratildi, erishilgan yutuqlarni Tojikistonda o‘qituvchilar malaka oshirish tizimiga tatbiq etish bo‘yicha fikrlashildi. Shuningdek, tojikistonlik delegatsiya a’zolari S-Testing va UzLMS.uz (science) platformalari, yaratilgan imkoniyatlar, institut tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot loyihalari, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash tizimi bilan tanishtirildi.
Delegatsiya Toshkent shahar pedagoglarga yangi metodikalarni o‘rgatish milliy markazida bo‘lib, yangi uzluksiz kasbiy ta’lim modeli bo‘yicha olib borilayotgan dars jarayoni bilan tanishdi, o‘qituvchilar bilan muloqot qildi. So‘ng Tojikiston Respublikasi ta’lim xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti Dushanbe shahridagi filiali hamda Toshkent shahar pedagoglarga yangi metodikalarni o‘rgatish milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ikki davlat ta’lim sohasida yaqindan hamkorlik qilish, o‘zbek va tojik tillaridan dars beradigan o‘qituvchilarning malakasini oshirish, o‘qituvchilarni qayta tayyorlashda O‘zbekiston tajribasidan foydalanishga kelishib olindi.
Hamkorlik ta’lim tizimi xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA