Olmaliq shahrida “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida O‘qituvchilar qurultoyining Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazildi. Unda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, Toshkent viloyatidagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 250 nafardan ziyod pedagog, xorijiy mutaxassis ishtirok etdi.
Qurultoy o‘z ishini seminar-treninglar bilan boshladi. Maqsad ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish hamda mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.
Tadbirni maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ochib, tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilgan samarali ishlar, erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi. Qurultoy ishtirokchilari tomonidan sohani yanada isloh etish bo‘yicha 200 ga yaqin taklif bildirildi. Bir guruh faol, tashabbuskor va fidoyi o‘qituvchilar tashakkurnoma va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Tadbirda ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklar asosida o‘qitish metodikalari yaratish, o‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash kabi yo‘nalishlarda muhim takliflar bildirildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri