Farg‘ona viloyatida professional ta’lim sohasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlarga zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori kasblarni o‘rgatishda o‘ziga xos maktab yaratish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatdagi 33 ta kasb-hunar maktabi, 22 ta kollej, 22 ta texnikumlarda 2 ming 225 nafar pedagoglar faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 1 ming 437 nafarini ayol o‘qituvchilar tashkil etadi. Viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida professional ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, tizimda mehnat qilayotgan xodimlarni bayram bilan tabrikladi.
Sohada o‘rnak ko‘rsatayotgan pedagoglar va ta’lim ustalarini taqdirlab, ularning mas’uliyatli va sharafli ishlarida omadlar tiladi. Farg‘ona pedagogika kolleji o‘qituvchisi Diloromxon Qodirova 15 yildan buyon shu sohada mehnat qilib kelmoqda. Tajribali va mohir pedagog ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, mamlakatimiz yengil sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularning intellektual salohiyatini hamda ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish borasida ibrat bo‘lmoqda. Mahallada va kollejda o‘tkazilayotgan tadbirlarda mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, erishilayotgan yutuqlarni ommaga targ‘ib qilishda o‘ziga xos maktab yaratgan murabbiy bir necha marotaba respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, ilmiy maqolalarga mualliflik qilgan.
– Yurtimizda professional ta’lim muassasalariga, yoshlarning kasb-hunar egallashlariga katta e’tibor berilayotgani biz – pedagoglar zimmasiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Kollej yoki texnikumni bitirib, ish joyiga borgan bitiruvchilarimiz barchaning ishonchini oqlay olishi zarur, – deydi D.Qodirova. – Bu borada kollejimizda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan, ya’ni ta’limdan keyin ham bitiruvchilarimiz bilan doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman.
Boshqarma boshlig‘ining bayram oldidan mazkur kollejga kirib kelgani butun jamoani xursand qildi. Samimiy suhbat davomida pedagoglar oldida turgan dolzarb vazifalar, yangi loyihalar muhokama markazida bo‘ldi.
M.Sulaymonov, O‘zA