Pedagogika universitetining koʻngilli oʻqituvchilari Call-markazlarda ishlamoqda
Shu bilan birga, xalqimizni yana-da hamjihat boʻlishga undamoqda.
Bugungi kunda dunyoda, xususan, Oʻzbekistonda koronavirus (Covid-19) bilan kasallanganlar soni oshib borayotgani xalqimizda juda katta tashvish uygʻotmoqda. Shu bilan birga, xalqimizni yana-da hamjihat boʻlishga undamoqda.
Ushbu kasallikni oldini olish va yengishda yana-da qulaylik yaratish maqsadida yagona 1003 qisqa raqamga ega chaqiruv markazini ishga tushirildi. Mazkur raqam orqali fuqarolarimiz qoʻngʻiroq qilib, koronavirus infeksiyasi, oʻz salomatligi va yaqinlarining ahvoli bilan bogʻliq savollarga javob va tavsiyalar olmoqda.
Ushbu jarayonda Nizomiy nomidagi TDPU professor-oʻqituvchilari koronavirus oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni toʻgʻri baholab, targʻibot va tashviqot ishlarida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, professor-oʻqituvchilardan ixtiyoriy tashkil topgan koʻngilli 12 ta katta guruhlar tuzilib, ular pandemiyaga qarshi kurashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan Qoʻngʻiroqlar markazi (Call centre - 1003)da 3 smenada, kunu-tun 24 soat uzluksiz fuqarolarning savollariga javob bermoqda.
Ushbu markazda koronavirus (Covid-19) boʻyicha 1003, 1105 raqamlari orqali fuqarolarning murojaatlariga xizmat koʻrsatilib kelinmoqda. Dastlabki kunlarda aholi koronavirus infeksiyasi, uning alomatlari va yuqishi, oldini olish choralari haqida soʻrab murojaat qilingan. Hozirda ommaviy axborot vositalari va onlayn nashrlarda keng tushuntirishlar berilgani sababli aholining xabardorligi ancha oshib, bu kabi savollar kamroq berilyapti. Endi ular asosan muayyan vaziyatga oid tavsiyalar soʻrashmoqda. Xususan, professor-oʻqituvchilar koronavirus pandemiyasini oldini olishda eng avvalo fuqarolarimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha maslahatlar, kasallikka gumon qilinayotgan yoki kasallik alomatlari boʻlgan bemorlarni tezroq tibbiy, psixologik yordam olishiga qaratilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirishmoqda.