Vazirlar Mahkamasining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatiini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizdagi barcha pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari faoliyati tubdan yangilanadi.
Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish uchun 2022 yil 1 сентябрга qadar ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish uchun ularning o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari muvofiqlashtiriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan darsliklar hamda metodik qo‘llanmalarni oliy ta’lim muassasalariga ularning talabnomasiga muvofiq taqdim etish tartibi joriy etiladi. Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida, ya’ni darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashga yo‘naltiriladi.
2023 yil 1 sentyabrga qadar oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy uskunalar va jihozlar bilan ta’minlangan fizika, kimyo, biologiya va texnologik ta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari tashkil etiladi.
2024 yil 1 yanvarga qadar elektron o‘quv dasturlar, darsliklar, ilmiy-tadqiqot ishlari, maqolalar, taqdimotlar, multimedia ta’lim mahsulotlari, ma’ruzalarning audio va video yozuvlari hamda boshqa kontentlar “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimida joylashtiriladi.
Har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchilari xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi.
O‘zA