Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pedagogik mahorat markaziga press-tur
12:18 / 2025-02-01

Jizzax viloyat pedagogik mahorat markazida 2024 yil yakunlari va 2025 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab o‘tgan 2024 yil yakunlari, jamoa a’zolari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yangi o‘quv yilidagi rejalar yuzasidan viloyat pedagogik mahorat markaz rahbari Ijod Ahmedov, o‘rinbosarlari Ahadulla Rahmatullayev va Anvar Ro‘ziyevlarning axborotlarini diqqat bilan tingladi.  

Markaz a’zolari tomonidan davlatimiz rahbarining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi uchun yetarli sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilgan tashkiliy-metodik ishlarga katta e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi.  

[gallery-21553]

– Viloyat pedagogik mahorat markazida 4 ta: maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikasi, pedagogika va psixologiya ta’lim texnologiyalari, aniq va tabiiy fanlar metodikasi hamda tillarni o‘qitish va ijtimoiy iqtisodiy fanlar kafedralari hamda 8 ta bo‘lim mavjud, – deydi markaz rahbari Ijod Ahmedov. – Joriy yilning yanvar oyidan boshlab  maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ular uchun  har besh yilda bir marotaba ish faoliyatidan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy etilgan.  

Yuqoridagi qaror ijrosiga ko‘ra, viloyat pedagogik mahorat markazida 2025 yil yanvar oyida 14 ta yo‘nalish bo‘yicha 20 ta guruhda 500 nafar tinglovchi ta’lim olganligi qayd etildi. Zomin, Zarbdor, Yangiobod tumanlari va Sirdaryo viloyatining yaqin hududlaridan tinglovchilarni Zomin pedagogika kolleji binosida o‘qitish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani, shuningdek, markaz binosi uchun kampus qurilishi haqida ma’lumot berildi.

– Joriy yildan boshlab har bir tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun kasbiy rivojlanish soati va kunlari tashkil etiladi, – deydi markaz rahbari o‘rinbosari Ahadulla Rahmatullayev. – Markaz direktorining xorijiy maslahatchisi ingliz tili darslarida metodik ko‘mak ko‘rsatishi belgilangan. Hududiy markaz professor-o‘qituvchilari, xodimlari faoliyati reytingini va mehnat samaradorligini aniqlash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqilib, monitoring olib borilishi yo‘lga qo‘yilganini  ham  alohida ta’kidlagan bo‘lardim.

Ushbu jarayon haqida to‘liq ma’lumotlar berilgach, xususiy MTTlar pedagog-tarbiyachilarini malaka oshirish kurslariga jalb etish, turli tillarda o‘qitishni tashkil etish hamda markaz xodimlarining malakasini oshirish, tinglovchilarni yotoqxona bilan ta’minlash kabi mavzularda ham qizg‘in savol-javoblar bo‘ldi.

Shuningdek, matbuot anjumani yakunida markaz faoliyatining jamoatchilik uchun ochiqlik darajasi yuqori baholanib, ommaviy axborot vositlari bilan hamkorlikning davomiy bo‘lishi taklif qilindi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari