Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pedagog xodimlar va o‘quvchilarni maktablardagi kechki tadbirlarga majburiy jalb etish ta’qiqlanadi
12:46 / 2022-02-14

So‘nggi kunlarda ayrim hududlarda o‘qituvchilarni maktab muassasalarida dars jarayonidan tashqari kechki vaqtlarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ushbu murojaatlar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra maktablarda o‘qish jarayonidan tashqari vaqtlarda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar uyushmagan va ta’lim bilan band bo‘lmagan (18-30 yosh) yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularni tashkil etishga Yoshlar ishlari agentligi, xususan mahallalardagi yoshlar yetakchilari mas’ul etib belgilangan.

Bunda Xalq ta’limi vazirligiga maktab infratuzilmasidan (kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali) oqilona foydalanish hamda maktablarni mahalla uchun ma’naviyat maskaniga aylanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalarga ushbu tadbirlarga maktab ma’muriyati, pedagog xodimlar va maktab o‘quvchilarini majburan jalb etilishi qat’iyan ta’qiqlanganini ma’lum qiladi.

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan ta’qiqlanganini yana bir bor eslatib o‘tadi. Qarorga ko‘ra, yuqoridagi talablarni buzgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli javobgarlikka tortilishi belgilangan.

O‘zA