Jamiyatning maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari oldiga qo‘yayotgan talablari kun sayin ortib bormoqda va bu talablarni amalda to‘g‘ri bajarish vazifasi, eng avvalo o‘qituvchi va tarbiyachi mahoratiga bog‘liq.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, zamonaviy o‘qituvchi va tarbiyachi ijtimoiy psixolog bo‘lmasligi mumkin emas. Shuning uchun ham bolalar jamoasida ijtimoiy-psixologik mexanizmlardan to‘g‘ri foydalanishni bilishi muhim.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari uchun psixologik so‘rovnoma tashkil etildi. So‘rovnoma savollari vazirlik huzuridagi Psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi hamda shu yo‘nalishdagi malakali va yetuk mutaxassislardan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.
Mazkur jarayon MTT rahbar va xodimlarining malakasini oshirish, stressga bardoshlilikni kuchaytirish va pedagogik faoliyatdagi muammolarni samarali hal etish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

Qayd etish lozimki, uzoq yillar olib borilgan tadqiqotlar, pedagogik qobiliyatlar murakkab va ko‘p qirrali psixologik bilimlardan iboratliligini ko‘rsatib berdi. Psixologik so‘rovnoma dastlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan 1 ming 47 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbar va pedagog kadrlari uchun tashkil etildi.
Natijalardan pedagog-tarbiyachilarning psixologik tahlilini yuritish va kasbiy rivojlanishini umumiy tartibda tahlil etishda foydalaniladi.
Shuningdek, tizim xodimlarining malaka oshirish dasturlarini shakllantirishda ushbu psixologik so‘rovnomalar natijalari tahlili kiritib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA