Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari va pedagoglari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi muammolar, yechimini kutayotgan masalalar, oldinda turgan vazifalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ta’lim sifati, tashkiliy va yangi baholash tizimi bilan bog‘liq masalalar o‘rtaga tashlandi.

Yig‘ilish avvalida Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda tegishli tumanlar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshlig‘i lavozimiga tayinlangan yangi rahbarlar jamoaga tanishtirildi.
Tadbirda bog‘chalar bilan bog‘liq masalalar, yangiliklar ham muhokama qilindi. Jumladan, qayd etilganidek, endilikda bog‘chalar uchun yangi tizim qilinadi, navbat kutib turgan ota-onalar uchun eng yaqin hududda qaysi bog‘chada bo‘sh joy borligi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq ma’lumotlar joylab boriladi.

Bog‘cha va maktablar faoliyatidagi ko‘p funksiyalar raqamlashtiriladi, jamoatchilik uchun shaffoflashadi. Shuningdek, tadbirda muammolar ham muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA