Bugun qishloq joylarda tomorqadan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash hamda oilaviy daromad manbalarini kengaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu jihatdan limonchilik istiqbolli va serdaromad yo‘nalish sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, Sayxunobod tumanida mazkur tarmoq iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘lib bormoqda.

Limon serhosil, bozorda xaridorgir hamda inson salomatligi uchun foydali meva hisoblanadi. Shu bois uni yetishtirishga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni paytda Sayxunobod tumani Paymart mahalla fuqarolar yig‘inida limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona xo‘jaliklarining tashkil etilishi ko‘plab oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Davlat dasturlari doirasida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish maqsadida 2 sotixdan 4 sotixgacha limonchilik issiqxonalari barpo etilishi uchun shart-sharoit yaratilgan. Xususan, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftari”ga kiritilgan oilalar ish bilan ta’minlanib, o‘z tomorqasida limon yetishtirish orqali barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Paymart mahallasida ana shunday tadbirkorlardan biri Mamarasul Abdurasulovdir. Uning ta’kidlashicha, limonchilikka qiziqish mutaxassislar tavsiyasi hamda bozor talabini o‘rganish natijasida shakllangan.

— Limon nafaqat bozorda xaridorgir, balki inson salomatligi uchun ham foydali. Shu bois uni daromad manbai bilan birga, oila salomatligi uchun muhim mahsulot deb bilaman, — deydi u.

Bu borada unga Namangan viloyatidan bo‘lgan tajribali bog‘bonlarning maslahatlari qo‘l kelgan. Ular tavsiyasi asosida zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman Xalq banki tomonidan 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Natijada qisqa vaqt ichida 6 sotix maydonda zamonaviy limonchilik issiqxonasi barpo etilib, unga 110 tup limon ko‘chatlari ekildi.
Ayni paytda M. Abdurasulov issiqxonadan olinayotgan daromad hisobidan oilasini ta’minlab kelmoqda. Shu bilan birga, u kelgusida issiqxona maydonini kengaytirish va turli mevali o‘simliklar yetishtirishni rejalashtirmoqda.
— Keyingi yillarda apelsin, mandarin, shuningdek kivi va banan kabi iqlimga mos meva turlarini sinab ko‘rish niyatim bor. Agar natija ijobiy bo‘lsa, qo‘shimcha issiqxona tashkil etish orqali mahallada zamonaviy bog‘ yaratish mumkin, — deydi u.
Paymart mahallasida limonchilik nafaqat daromad manbai, balki ta’lim-tarbiya jarayoniga ham xizmat qilmoqda. Jumladan, mahallada joylashgan 16- va 38-umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda o‘quvchilar uchun issiqxonalarda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Bu orqali o‘quvchilar biologiya fanidan olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlashmoqda.
Mahalla raisi G‘ulom Normatov hamda hokim yordamchisi Ziyodulla Xudoyorov boshchiligida shaxsiy tomorqa va issiqxona egalari bilan “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Asosiy maqsad bir tur mahsulotni ko‘p miqdorda yetishtirish orqali ulgurji xaridorlarni jalb etish va aholi daromadini oshirishdan iborat.
Kelgusida mahalla hududida “Tomorqadan — dasturxonga” shiori ostida maxsus savdo do‘koni tashkil etish rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri