Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Payli osh” pazandasi: “kelgusida nohaq qamalganlarni himoya qilmoqchiman”(+video)
11:26 / 2023-10-28

Hayotda oliy malumotli bo‘lmasa-da, biron bir hunarni mukammal o‘rganish orqali ham jamiyatda o‘z o‘rnini topib ketayotganlar talaygina. Bu toifa insonlar tirikchilikni, mehnatni hech qachon or deb bilmaydi. Aksincha, “Hunarli kishi hor bo‘lmas!” iborasini hayotda o‘ziga shior qilib oladi. Ana shunday insonlardan biri — “payli osh”ni sal kam brend darajasiga ko‘tarib, o‘z oshxonasiga anchagina mijozlarni to‘plashga ulgurgan oshpaz — Hayot Xalimqulovdir.

Qisqacha maʼlumot: Xalimqulov Hayot Qahhorovich 1985-yilning 6-fevral kuni, Yunusobod tumanida tavallud topgan. Millati oʻzbek. 2022-yilda Jahon tillari universitetini tamomlagan. 2008-yildan to hozirgi kunga qadar OʻzLiDep partiyasi aʼzosi hisoblanadi. Oilali, 1 nafar farzandning otasi. Boʻsh vaqtlarida futbol oʻynashni, piyoda yurishni yoqtiradi. 

Yaqindan tanimaganlar Hayotni payli oshni mazali qilib tayyorlaydigan oshpaz sifatida bilsa, uning oliy maʼlumotli tarjimon ekanligi, bir vaqtlar poytaxtdagi tumanlarning birida deputat boʻlib faoliyat yuritgani haqida eshitgach hayratga tushadi. Bu tabiiy hol... 

Qiziq, Hayotning hayot yoʻlarida qanday tub burilish boʻlganki, u diplomi bor mutaxassis boʻla turib, oshpazlikni maʼqul koʻrdi? 

Ushbu savolga uning oʻzidan javob olish maqsadida Hayot boshqarib kelayotgan ixchamgina oshxonada boʻldik. 
Oʻzining aytishicha, hali boshqalar shirin uyquda boʻlgan vaqtida Hayot erta tongdan uygʻonib, oshxonaga otlanarkan. Aniqrogʻi, uni oshxonaga oshpazlik masʼuliyati yetaklab keladi. Axir kun davomida ikki yuz kishi osh soʻrab kelsa-yu ularga nima deb bahona qiladi?

Shu bois osh va boshqa xildagi taomlarning masalliqlarini ham asosiy ish boshlanguniga qadar oʻzi tayyorlab qoʻyadi. Kun davomida toʻrt xil taomlar bilan mijozlarni siylash va bularning bariga ulgurish uchun oshpazimiz tunda atigi toʻrt soat uxlarkan xolos. 

Hayot oshxonadan boʻsh vaqtlarida tanlagan sohasi boʻyicha oʻz ustida ishlab, izlanishda davom etayotgani, egallayotgan bilimlarini ishga solib, kelgusida albatta davlatga foydasi tegadigan inson boʻlish istagi borligini aytadi. Shu bois u hozirgi paytda Milliy universitetning huquqshunoslik fakultetida, magistratura kursida oʻqishini davom ettirmoqda. U kelgusida advokatlik byurosi ochishni, nohaq ayblov asosida qamalgan insonlar huquqini himoya qilishni maqsad qilgan...

Nega bunga ahd qilganligi haqida soʻraganimizda esa qahramonimiz bir vaqtlar oʻzi bilan yuz bergan koʻngilsiz voqealarni esladi. Yaʼni, hayotda omadi kelgan vaqtlarida uni ayrim shaxslar tuhmat orqali sindirishga, halol mehnat bilan topgan mulkiga ega chiqishga uringanliklari, natijada qahramonimiz asossiz ayblovlar va bir yoqlama yondashilgan tergov ortidan aybsiz aybdor boʻlib, hatto ikki oy panjara ortida oʻtirib chiqishga majbur boʻlganini soʻzlab berdi. 

“Oʻshanda huquqiy savodxonligim, yozib qoʻyilgan qonunlar boʻyicha oʻzimni oʻzim himoya qilganim ham ayrimlarga yoqmagan edi” deya oʻzining aybsiz ekanligini tasdiqlaydigan sud hukmini taqdim etadi, Hayot.
Sud hukmida qayd etilishicha, 2022-yilda Xalimqulov Hayot Qahhorovichning harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-modasi 2-qismining “a” bandi, 168-moddasi 3-qismining “b” bandi va 168-moddasi 3-qismining “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi boʻlmaganligi hamda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli JPKning 83-moddasi 1-qismining 1 va 2-bandlariga asosan qahramonimiz oqlangan va reabilitatsiya qilingan. Unga yetkazilgan maʼnaviy va mulkiy zarar qoplanib, haqiqiy aybdorlar fosh boʻlgan. 

“Ana shunday kunlarda uzoq yillik tajribaga ega boʻlgan advokatim mening himoyamda bor bilimi, imkoniyatini ishga solgan va mening aybsiz ekanligimni isbotlay olgan” deydi qahramonimiz va hayotida yuz bergan ana shu tub burilish, qisqa muddatli sinovlar uning partiyadan ketishiga ham sabab boʻlgani, hamkasblari orasida uning holidan xabar olish uyoqda tursin, hatto yuz oʻgirganlari ham topilganini eslaydi.

Ana shularni soʻzlab berib, qahramonimiz bir nuqtaga nigohlarini qadagancha xomush tortib qoldi va oʻychan qiyofada: 

“Men bu kunlarni hech kimga ravo koʻrmayman. Aybsiz aybdor boʻlsang, buni isbotlashga oʻzing, kamida yaqinlaring sarson boʻlishi... tuhmat balosini hech kimning boshiga solmasin. Shuning uchun oldimga shunday maqsad qoʻyganman, nohaq qamalganlarni himoya qilish kelgusidagi asosiy maqsadlarimdan biridir” deydi u qatʼiyat bilan. 
Bizni qoyil qoldirgani, qahramonimiz oʻsha paytlarda ham va bugun ham taqdir oʻyinlariga boʻsh kelmadi. U kurashdi va kurashmoqda. Bunga oʻzida iroda, sabr va kuch topa oldi. Qismat sinovlariga tik qaradi. Zero, bu hayotda hamma ana shunday irodali boʻlishi kerak! 

Bugun esa Hayotni yana soʻrab keluvchilar topilmoqda, hamkasblari esa unga avvalgi ish joyida oʻrni hali sovimaganini aytishmoqda. 

<iframe width=“560” height=“315” src="https://www.youtube.com/embed/p-CC7fji_X0?si=vJoI6SsZvxohMDch“ title=”YouTube video player“ frameborder=”0“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, OʻzA