Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanidagi shifoxonada bitta ukol oqibatida bemor vafot etgani haqida videolavhalar tarqaldi.
Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilganimizda, holat Payariq tumanida 12 yanvar kuni sodir bo‘lgani, tumanning Devarak qishlog‘ida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro xususiy klinikada davo muolajasi olayotganida ahvoli og‘irlashganidan so‘ng klinikada tibbiy xizmat ko‘rsatgan shifokorning shaxsiy avtomashinasida soat 18.45 da tuman tibbiyot birlashmasining Chelak hududiy shifoxonasi qabul bo‘limiga olib borilganini ma’lum qilishdi. Payariq tumani sog‘liqni saqlash bo‘limining ma’lumotnomasida qayd etilishicha, fuqaro tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilganda markaziy va periferik qon tomirlarda puls aniqlanmagan. Nafas olish to‘xtagan, qorachiqlar kengaygan. Bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.
Xususiy klinikada faoliyat ko‘rsatgan vrach 2021 yildan buyon davlat shifoxonalarida ishlamasligi qayd etiladi.
Mazkur holat yuzasidan kecha Bosh prokuratura matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, hozir prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Marhumaning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri