English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Payariqdagi 11 ta “metan zapravka” egalari narxni asossiz oshirgani aniqlandi
15:23 / 2026-02-10

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa holatlar haqida ma’lumot berdi.

Hududiy boshqarma boshlig‘i Boboxon Toyirovning qayd etishicha, 2025 yilda byudjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan elektron tender va tanlov savdolarida raqobat qonunchiligi talablari ta’minlanganligini aniqlash maqsadida 1384 ta tanlov savdolari o‘rganilgan. O‘rganish davomida 1373 ta savdolarda kamchiliklar aniqlangan va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida 83 ta ko‘rsatma berilgan, 85 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 713 million so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.

– Boshqarma tomonidan bozor ishtirokchilariga yuqori likvidli tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanishda teng shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish grafiklarining kunlik teng taqsimlangan holda ishlab chiqilishi, birjaning rasmiy veb saytiga joylashtirilishi, mahsulotlarni qo‘yishda grafiklarda belgilangan muddat va hajmlarga rioya etilishi doimiy nazorat qilib boriladi hamda mahsulot narxlari asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi, – deydi B.Toyirov. – Bu borada o‘tgan yil tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilgan holda 22 ta korxonaning faoliyati belgilangan tartibda tekshirishdan o‘tkazilganda 2 milliard 543 million so‘mlik asossiz olingan daromadlar va moliyaviy jarimalarning undirilishi ta’minlandi.

Nohalol raqobat hamda raqobatga qarshi kelishuvlar, tovar yoki moliya bozorida raqobatchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektning kirishiga to‘sqinlik qilish, uni bozordan chetlatishga olib kiruvchi harakatlarni sodir etilishining oldini olish yuzasidan 2025 yilda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan 5 ta korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Payariq tumanidagi 11 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi mutasaddilari siqilgan gazni chakana sotish narxlarini o‘zaro kelishib, asossiz oshirganligi aniqlanib, mazkur shoxobcha egalariga moliyaviy va ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Hududiy boshqarma tomonidan 2025 yilda o‘tkazilgan 119 ta nazorat xaridining 76 tasida qonunbuzilishi holati aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan tegishli ta’sir choralari amalga oshirilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA