Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Payariqda korxonalar soni ko‘paymoqda
11:29 / 2023-12-06

Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida samarali yutuqlarga erishilmoqda.

Imkoniyatlardan o‘z vaqtida foydalanib, korxonasini kengaytirib, yuzlab odamlarni ish bilan ta’minlashga erishayotgan tadbirkorlar esa mehnatiga yarasha daromad olmoqda. Ayniqsa, bu borada payariqlik tadbirkorlar peshqadamligini ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi. Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida  yangi loyiha ilgari surildi.  

Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishning zamonaviy va samarali usuliga aylanib bormoqda. Kichik sanoat zonalari ular joylashgan hududlarni rivojlantirishga katta imkoniyatlar yaratadi.  

Shundan kelib chiqib, Payariq tumanining Xalqobod mahallasida kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ushbu sanoat zonasi infratuzilmasini yaratish maqsadida yo‘llar kengaytirilib, asfalt yotqizildi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari hamda elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlandi.  

Yaqinda ushbu maskanning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman sektorlari, viloyat va tuman tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. “Xalqobod” kichik sanoat zonasida “Oltin tuproq invest” MCHJ rahbari Fazliddin Mamadiyorov tomonidan yangi loyiha – yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasining birinchi bosqichi rasman ishga tushirildi. Ushbu loyihaning qiymati 2 million dollar bo‘lib, 50-70 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.  

Elektrotexnik jihozlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi  

Sanoat zonasida yangi qurilishi rejalashtirilgan ishlab chiqarish korxonalariga ramziy tamal toshi qo‘yish tadbirlari ham o‘tkazildi.  

Jumladan, “Elektro texnik kompleks” MCHJ rahbari Jafar Tursunov tomonidan sanoat zonasidagi 1 gektar yer maydonida umumiy qiymati 1 million dollar, shundan 600 ming dollar o‘z mablag‘i, 400 ming dollar esa bank krediti mablag‘lari hisobidan tashkil etiladigan elektrotexnik jihozlar ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.  

Yillik ishlab chiqarish hajmi 21,1 milliard so‘m. 2024 yil yakunida loyihaning ishga tushishi natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Tadbirda so‘z olganlar aholining turmush sharoitini yanada oshirishda bu maskanlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.  

300 ta yangi ish o‘rinli tikuvchilik fabrikasi quriladi  

“Xalqobod” kichik sanoat zonasidagi ramziy tamal toshi qo‘yish tadbirlarining navbatdagisi “Paradise white gold textile” MChJ  tikuvchilik fabrikasida bo‘ldi.  

MCHJ rahbari Mansur Mahmudov tomonidan sanoat zonasidagi 3 gektar yer maydonida umumiy qiymati 5 million dollar, shundan 3 million dollar o‘z mablag‘i, 2 million dollar esa bank krediti mablag‘lari hisobidan matoni bo‘yash va tikuvchilikni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi.  

2024-2025 yillarga mo‘ljallangan loyihaning ishga tushishi natijasida tumanda 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va yillik ishlab chiqarish hajmi 60 milliard so‘mni tashkil etishi rejalashtirilgan.  

Choy qadoqlash fabrikasi  

Shuningdek, “Silver green tea” oilaviy choy qadoqlash korxonasining qurilish ishlariga ham start berildi.  

“Silver green tea” OK rahbari Shokir Eshonqulov tomonidan sanoat zonasidagi 0.66 gektar yer maydonida umumiy qiymati 1 million dollar, shundan 500 ming dollar o‘z mablag‘i, 500 ming dollar esa investitsiya mablag‘lari hisobidan tashkil etiladigan choy qadoqlash loyihasi 2024 yil yakuni bilan topshirilishi rejalashtirilgan.  

Ushbu loyihaning ishga tushishi natijasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va yillik ishlab chiqarish hajmi ming tonnani tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.  

Muzqaymoq ishlab chiqarish korxonasi yo‘lga qo‘yiladi  

Xususan, “Sam Ideal Milk”  MCHJ rahbari Bahrullo Usmonov tomonidan muzqaymoq ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilishi natijasida yangi 25-30 ta ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihaning qiymati 620 ming dollar.  

Tashabbuskor Mahmud Karimov tomonidan esa sanoat zonasidagi 0.5 gektar yer maydonida umumiy qiymati 500 ming dollarlik vino ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 18 milliard so‘mni tashkil etishi reja qilingan.  

 

N.Rahmonova,  

O‘zA