Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning emin-erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, hokimlik va boshqa davlat boshqaruv idoralari tomonidan tadbirkorlar huquqlarini poymol etish, turli sohalarda qonunbuzilish holatlarining oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimiz qonunchiligida tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan yer maydonlarini tuman zaxirasiga olish masalalarini tartibga solishga oid qator normativ hujjatlar mavjud, ma’lum tartib-tamoyillar belgilangan. Shunga qaramasdan, aksariyat hollarda ana shu normalarga hokimliklar tomonidan bilib bilmagan holda rioya qilmaslik holatlari uchramoqda. Bundan esa tadbirkorlik sub’ektlari aziyat chekmoqda. Xususan, Izboskan tumanida faoliyat yurituvchi “Xulkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuman hokimligi mansabdor shaxslari xatti-harakatidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Paxtaobod tumani hokimining 2019 yil 5 avgustdagi 5685-K-sonli qaroriga asosan jamiyatga tumandagi Turkiston massivi 205-q-konturi hududida “Davolash maskani” tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxira fondidagi 1 gektar yer maydonida joylashgan (sobiq Uchko‘za bolalar oromgohi) bino va inshootlari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan.
Jamiyatning ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Paxtaobod tumani filiali tomonidan tegishli tartibda reyestrga kiritilgan.
Shunga qaramasdan Paxtaobod tumani hokimining 2020 yil 5 noyabrdagi 738-K-sonli qaroriga asosan, tuman hokimining yuqorida qayd etilgan, ya’ni bino va inshootlarni berish to‘g‘risidagi 2019 yildagi 5685-sonli qarori bekor qilingan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib taomillar to‘g‘risida”gi qonunining 59-moddasiga asosan, ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim edi. Lekin tuman hokimligi nafaqat tadbirkor huquqi, balki qonun buzilishiga yo‘l qo‘ydi.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi xodimlari tomonidan jamiyat manfaatini ko‘zlab ma’muriy sudga ariza kiritildi.
Andijon tumanlararo ma’muriy sudining joriy yil 26 martdagi hal qiluv qarori bilan shikoyat qanoatlantirilib, Paxtaobod tuman hokimining 2019 yildagi “Xulkor” MCHJga “Davolash maskani” tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxira fondidagi 1 gektar yer maydonida joylashgan (sobiq Uchko‘za bolalar oromgohi) bino va inshootlari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish to‘g‘risidagi 5685-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi 2020 yil 5 noyabrdagi 738-K-sonli qarori haqiqiy emas, deb topildi.
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar jarayonida tadbirkorlik va kichik biznes sub’ektlari huquq va manfaatlari qonun hamda davlat himoyasida ekanligini hech kim unutmasligi lozim.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA