Avvallari Sardobaning chekka hududlarida 55-60 sentner paxta olish mumkin desa hech kim ishonmagan bo‘lardi. Sababi, viloyat markazidan olisda, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan ushbu hududning eng tajribali dehqonlari ham ko‘pi bilan 30 sentnerdan nariga o‘tmagan. Ko‘p xollarda 13-15 sentner hosil bilan kifoyalanib, xo‘jaliklar aksar xollarda zarariga ishlagan. Shu tufayli tumanda doimo ishsizlik, rivojlanishdan ancha orqada qolib kelayotgan edi. Bugungi kunga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi.
Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi suv ta’minoti og‘ir hududlar Singapurning “Indorama” kompaniyasiga ijaraga berildi. Dalaga zamonaviy texnika, xorijiy tajriba kirdi, ilm bilan amaliyot uyg‘unlikda olib borildi. Natijada bugun tuman har jihatdan oldi qatorlarda. Dehqonlarda moddiy manfaatdorlik oshdi, ishga munosabat o‘zgardi.
Nitin Kumar asli hindistonlik. Bundan bir necha yil oldin o‘z ilmi va tajribasi bilan O‘zbekistonga kelib, shu zaminga, odamlariga mehr qo‘ydi. Xodimlar bilan ishlashda qulay bo‘lishi uchun 3-4 oy ichida o‘zbek tilini o‘rgandi va bugungi kunda kompaniyada ishlayotgan xorijlik mutaxassislarning 90 foizi bizni tilda bemalol so‘zlasha oladi.
Joriy mavsumda Sardoba va Oqoltin dalalarida jami 2 200 gektarda xorij navi ekildi. Shundan 600 gektari Xitoy navi, qolgani Hindiston navi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu maydonlardagi g‘o‘za to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarish qilindi. Natijalar yomon bo‘lmadi.
Joriy yilda barcha paxta maydonlaridan yuqori hosilku tilmoqda. Aytish kerakki, “O‘zbekiston-2030” стратегиясидаги besh ustuvor yo‘nalishning uchinchisi “Suv resurslarini tejash va atrof-muhit muhofazasi” masalasiga qaratilgan bo‘lib, 2030 yilgacha suv tejovchi texnologiyalarni 4.3mln gektarda qo‘llash ko‘zda tutilgan. Xorijlik investor bu borada ham faollik ko‘rsatib, har yili tomchilatib sug‘orish tizimlari qo‘llanadigan maydonlarni ko‘paytirib bormoqda.
- Bizda 176 ta brigada bor, - deydi “Indorama”kompaniyasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy rahbari Oven Berri.
- Ularning har biriga 60-120 gektargacha yer ajratilgan. Xo‘jaliklarga ishiga qarab to‘lov qilinadi. Moddiy rag‘batlantirib boriladi. Masalan, dala qo‘riqlash uchun, har bir sug‘orishga, agrotexnik tadbirlarga alohida to‘lov. Xullas, mavsum davomida qanday ish bajarilsa barchasiga to‘lov qilib boriladi. Hosil uchun ham bonuslar belgilangan. Qanchalik hosildorlik yuqori bo‘lsa shuncha ko‘p bonuslar beriladi. Paxta terimida bugungi kunda 24ta kombayn ishtirok etyapti. Bizda 100% mashina terimi ta’minlangan. Har bir kombayn kuniga kamida 40 gektar maydonni tera oladi. Barchasi 2019 yilda olib kelingan. Servis xizmatlari dalaning o‘zida tashkil qilingan va har bir mashinaga texnik xodim biriktirilgan. O‘z vaqtida terim bo‘lsa hosildorlik va sifat yuqori bo‘ladi. Muhimi, barchasini yog‘ingarchiliklar oldidan yuqori navlarda terib olmoqdamiz.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, bugungi kunda singapurlik investor tomonidan Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 25 ming gektardan jami 50 ming gektar ekin maydonlarida dehqonchilik qilib kelinmoqda. Asosan yuqori navli sanoatbop paxta va bug‘doy yetishtiriladi.
Hosil yuz foiz yuqori unumdor kombaynlar yordamida yig‘ib-terib olinadi. Masalan, birgina kombayn bir kunda o‘rtacha 60 tonna paxta tera oladi. Agarda 55-60 sentnerlik maydon bo‘lsa 100 tonnagacha teradi. Huddi shu maydonni qo‘l terimida terilsa 2500-3000 nafar hasharchi talab etilardi.
Mashina yordamida terilgan paxtaning vazni 2 tonna keladi va u rulon qilib dalaga to‘kib ketadi, so‘ngra ular tartib bilan maxsus texnikalarda daladan yig‘ishtirib olinadi. Farg‘ona viloyatida to‘liq qayta ishlanib, tayyor mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Bu esa qo‘shilgan qiymat, yuqori oylik ish haqlari va minglab ishchi o‘rinlari demakdir. Xullas jarayonning barchasi mexanizatsiyalashgan, jahon standartlariga mos keladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2J1P4WWIaag" title="Paxtaning xorij navidan fermerlarimiz manfaatdor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Hamroz Bayonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA