Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtani talon-toroj qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
19:14 / 2022-09-22

Paxta yig‘im-terimi paytida dalalarda yetishtirilgan hosilni nes-nobud va payhon qilinishi hamda o‘g‘irlanishini oldini olish maqsadida Buxoro viloyati IIB xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Ular har gektar maydon, har bir fermer xo‘jaliklari dalalarida tun-u kun nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Ishchi guruhning o‘rganishlari natijasida joriy yilning 17 sentyabr kuni Qorako‘l tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning “Tojikent” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash manzili va yordamchi xo‘jaliklari ko‘zdan kechirilgan. Natijada fuqaroning molxonasida 230 kilogramm paxta, 6 kilogramm chigit va paxtadan chigitni tozalash dastgohi borligi aniqlangan. Barcha ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, joriy yilning 20 sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi tezkor profilaktik tadbir davomida tumanning “Darg‘abog‘i” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash manzili va yordamchi xo‘jaliklari ko‘zdan kechirildi. Natijada uning yashash xonadoni molxonasidan 220 kilogramm paxta xomashyosi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Olib qo‘yilgan paxta xomashyosi Qorako‘l tumani Paxta tozalash punktiga topshirildi.

Xuddi shunday holat G‘ijduvon tumanida ham sodir etilganligi aniqlangan. Joriy yilning 21 sentyabr kuni G‘ijduvon tumani ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan “Paxta – 2022” yig‘im terimi mavsumida paxta xom ashyosini talon-taroj qilish holatlarini oldini olish maqsadida olib borilgan tezkor tadbir davomida G‘ijduvon tumani “Vazirshoh” hamda “Chag‘dari” mahallalarida yashovchi fuqarolar “ISUZU” rusumli yuk mashinasida jami 6 000 (olti ming) kilo paxta xom ashyosini yashirin ravishda olib ketayotganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu shaxslar paxta xom ashyosini Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “G‘oyibon” mahallasida yashovchi fuqarodan har kilogrammini 9.000 (to‘qqiz ming) so‘mdan sotib olib kelayotganligi aniqlangan.

Har uchala holat yuzasidan surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Bu kabi qonun buzilish holatlarini aniqlash borasidagi tezkor profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA