Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2023 yilgi mavsumi yakunlanganiga ham bir oy bo‘ldi. Mazkur chempionatda Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi 26 tur yakuniga ko‘ra 53 ochko jamg‘argan holda g‘olib bo‘ldi. Albatta, ushbu chempionlik klub uchun o‘z tarixidagi o‘n oltinchisi bo‘ldi.
Bu yilgi Superliga g‘olibligi yo‘lida “Paxtakor” klubi tomonidan erishilgan ayrim natijalarga va raqamlarga e’tibor qaratmoqchimiz.
“Paxtakor” 26 tur davomida jami 16 marotaba g‘alaba qozondi va 5 tadan durang hamda mag‘lubiyat qayd etdi. Ushbu o‘yinlarda 41 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etdi va 25 marta o‘z darvozasidan to‘pni olib chiqdi. Toshkent jamoasi bu yilgi mavsumda “Nasaf”, “Neftchi” va “Andijon” jamoalari ustidan g‘alaba qozona olmadi. Aniqrog‘i, “Nasaf” bilan ikki bora durang o‘ynagan bo‘lsa, “Neftchi”ga ikki bora mag‘lubiyatga uchradi. “Andijon” bilan esa bitta durang va mag‘lubiyat qayd etdi.
“Paxtakor” 2023 yildagi rasmiy uchrashuvlarda 58 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Shundan 57 ta gol jamoa futbolchilari tomonidan urildi, bir to‘pni raqib o‘yinchisi o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Shu tariqa, “sherlar” mavsumni yakunladi.
Ushbu mavsumdagi g‘alabadan so‘ng “Paxtakor” chempionatlarning umumiy jadvalida ta’qibchilardan yanada ilgarilab ketdi.
Jumladan, jamoa milliy chempionatda jami 932 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lib, 635 g‘alaba, 152 durang va 145 mag‘lubiyat qayd etgan holda 2057 ochko jamg‘argan. Raqib darvozasiga umumiy 2073 gol urilib, 779 to‘p o‘tkazib yuborilgan. “Sherlar” eng ko‘p g‘alaba qozongan, eng ko‘p to‘p kiritgan va eng ko‘p ochko jamg‘argan holda yetakchilikni yanada mustahkamlab oldi. Bir o‘yinda o‘rtacha 2,2 ochkoga ega chiqilgan. Bu borada keyingi pog‘onada borayotgan “Neftchi” bilan o‘rtadagi farq kattalashmoqda. Jamoa farg‘onaliklarga nisbatan 143 ta ko‘proq zafar quchib, 442 ta ko‘proq gol urishga erishgan. Ochkolar farqi esa 435 taga yetdi. Bu raqamlar har bir mavsumdagi uchrashuvlarda o‘zgarib borishi barchamizga ma’lum.
O‘zbekiston Superligasining bu yilgi mavsumida “Paxtakor” safida to‘p tepayotgan Dragan Cheran 13 raqib darvozasini ishg‘ol qildi va musobaqa to‘purariga aylandi. Dragan mavsumda jami 17 gol muallifi bo‘ldi. Toshkent klubida Cherandan keyin Aziz Turg‘unboyev 9 gol bilan ikkinchi to‘purarlikka erishdi. Bir davra o‘ynagan bo‘lsada, Hojimat Erkinov 7 to‘p kiritdi.
Jamoaning serbiyalik legioneri Dragan Cheran O‘zbekiston chempionati rekordlarini o‘rnatishda davom etmoqda. U ketma-ket va umuman besh mavsum to‘purarlikka erishgan birinchi o‘yinchiga aylandi. Shu tariqa Cheran bu borada o‘zining rekordini yangilab qo‘ydi. “Paxtakor” tarkibida Dragan Superligada hozircha 136 o‘yinda 96 gol muallifiga aylandi. “Sherlar” uchun urgan jami gollari soni 120 taga yetdi. O‘zbekiston chempionatida esa Cheran jami 130 gol muallifiga aylanib ulgurdi.
Yakuniga yetgan mavsumda qanot himoyachilari ham o‘zlarining golli uzatmalari orqali muxlislarga quvonch ulashdi. “Paxtakor” safida Farrux Sayfiyev Superligada 8, Hojiakbar Alijonov esa 7 marta golli uzatmalar muallifiga aylandi. F.Sayfiyev nafaqat “Paxtakor”, balki Superliganing eng yaxshi assistenti bo‘ldi. Shuningdek, Dilshod Saitov ham barcha musobaqalarda 6 bor sheriklariga gol urishda so‘nggi uzatma bilan ko‘maklashganini ta’kidlab o‘tmasak bo‘lmaydi.
Shuningdek, “Paxtakor” yoshlar jamoasi mamlakat chempionatida g‘olib bo‘ldi va o‘z tarixida to‘qqizinchi bor chempionlikka erishdi. Bungacha “Paxtakor” 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2010, 2012 va 2018 yillarda U-21 ligasida mavsumni eng yuqori pog‘onada yakunlagandi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham “Paxtakor” rekordchi sanalib, 7 chempionlikka ega “Neftchi” bilan farqni kattalashtirdi.
Mavsumni barqaror o‘tkazgan “Paxtakor” yoshlar jamoasi 5 yillik tanaffusdan keyin yana liganing eng kuchli jamoasi nomini o‘ziga qaytarib oldi. Ushbu muvaffaqiyat qo‘lga kiritilishida klub rahbariyatidan tortib akademiya xodimlarining xizmatlarigacha e’tirof etib o‘tish lozim. Olim Shokirov va Oybek Usmonxo‘jayev boshchiligidagi jamoa mavsumni ajoyib notada yakunladi.
Ha, “Paxtakor” klubi bu yilgi mavsumda milliy chempionatni ana shunday natijalar bilan yakunladi. “Paxtakor” O‘zbekistonning eng ko‘p sovringa ega chiqqan jamoasi sanaladi. Klubning umumiy sovrinlari soni 33 tani tashkil etmoqda.
Klub matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Maksim Shatskix qo‘l ostidagi “Paxtakor” klubi a’zolari 10 yanvarga qadar hordiq chiqaradi. Hozirda jamoa futbolchilari Srechko Katanets boshchiligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida BAAdagi mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Futbolchilar 28 dekabrga qadar MTJ ixtiyorida bo‘ladi. Keyin 26 futbolchidan iborat ro‘yxat ma’lum bo‘lgach, shunga qarab Osiyo kubogiga yo‘l oladi.
Klub bosh murabbiyi Maksim Shatskix odatga ko‘ra Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishni reja qilgan. Xorijdagi dastlabki yig‘in MTJ futbolchilarisiz o‘tadi. Sababi futbolchilar Qatar yashil maydonlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladilar.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA