Buxoro viloyati Shofirkon tumanida joriy yilda 363 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 9 ming 46 gektar maydonda paxta parvarishlanmoqda.
Mirishkorlar joriy mavsumda “oq oltin” dan 32 ming tonna xirmon ko‘tarishni rejalashtirgan. Bunda har gektardan 34 sentnerdan oshirib hosil olish ko‘zda tutilgan. Hududda paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari asosan “Buxoro agroklaster”, “Buxoro Zarhal teks” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bilan shartnoma tuzgan.
“Buxoro Zarhal teks” paxta-to‘qimachilik klasteri Shofirkon tumanidagi 4 ming 500 gektar yer maydonini tasarrufiga olgan. Qishloq xo‘jaligida zanjirli tizimni yo‘lga qo‘ymoqda. Xususan, klaster tomonidan joriy dehqonchilik mavsumida 3 ming gektar yer maydonida g‘o‘za parvarishlanmoqda. Paxtachilikda ham marra yuqori olingan. Joriy yil erta bahorida 3 ming gektar yerda “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10” navli serhosil paxta navini qadagan klaster tomonidan 1 ming 500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Ayni paytda g‘o‘za parvarishi avjida.

Dala dehqonchilik ishlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar va duch kelinayotgan nuqson va kamchiliklarni bartaraf etishda viloyat hamda tuman mutasaddilari fermer xo‘jaliklariga yaqin hamkor va ko‘makdosh bo‘lmoqda.
– Yoz fasli o‘rtalariga kelib jazirama issiq zabtiga olgani, yuqori harorat bugungacha saqlanib qolayotgani albatta, paxtakorlardan g‘o‘za parvarishiga intensiv yondashish, zarur agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan o‘tkazishni taqozo qilmoqda, – deydi “Iskogare” hududi rahbari Saydullo Karomov. – Bizda jami 16 ta fermer xo‘jaligi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan bo‘lsa, shundan 400 gektarda sara bug‘doy va 426 gektar yerda paxta yetishtiriladi. O‘tgan yilgi mavsumda paxtakorlikda hosildorlik gektariga 34 sentnerdan oshdi. Bu yilgi hosil cho‘g‘i o‘tgan yilgiga nisbatan baland bo‘ladi. Nodir Hasanov boshqarayotgan “Bahodir Nodir”, Mehriddin Sultonov rahbarligidagi “Zuhriddin Jahongir”, Jo‘rabek Nurovning “Nur-2001”, Shavkat Elov rahbarligidagi “Umidjon Bobojon Bobirjon” kabi peshqadam fermer xo‘jaliklarimizda davlat shartnoma rejalari har yili ortig‘i bilan bajarilib, jamoalar moddiy manfaatdorligi ham oshib bormoqda.
Suv taqchilligi kuchayib borayotgan bir sharoitda cho‘lga tutash bu hududda ham qator sub’ektlarda jami 60 gektardan ziyod paxta maydoni tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazilgani ekin yeridan barakali hosil yetishtirish imkonini bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA