Joriy yil Qorovulbozorda paxtachilik yo‘nalishida 154 ta fermer xo‘jaligida 5 ming 318 gektar maydonda serhosil navlarga mansub chigit ekilib, agrotexnik talablar asosida parvarishlandi.
Dehqonchilik mavsumida 14869 tonna tonnaga yetkazib qimmatbaho paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha “Buxoro Agroklaster zaminlari” va “Ark eko tekstil” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzildi.

Hududdagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 605, “Bo‘zachi” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 740, “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida esa 2 ming gektardan oshiq maydonda sanoat uchun qimmatbaho “oq oltin” yetishtirildi. Joriy mavsumda 1250 gektar yerga Xitoydan keltirilgan “Xin Lu Zao-57” naviga mansub baraka urug‘i qadab, yangicha agrotexnik usulda mo‘l hosil yetishtirildi.

Sentyabr oyi dastlabki haftasidan bor kuch va imkoniyat mashaqqat bilan yetishtirilgan hosilni nobudgarchiliklarsiz yig‘ib-terib olishga qaratildi. Jarayonda mahalla va qishloq ko‘ngillilari, fermer xo‘jaliklari a’zolaridan jami 1700 dan oshiq hasharchi-terimchini o‘zida jamlagan 18 ta otryad shakllantirildi. Terimga jalb qilingan, xuddi shunday, “FM World”, “Sase” rusumli 8 ta zamonaviy paxta terish kombayni kuchidan foydalanilgani o‘z samarasini berdi.

Bugunga kelib terim agregatlarida 8700 tonnadan oshiq, chevar terimchilar qo‘li bilan esa 7300 tonna “oq oltin” xirmon barpo qilindi. Qabul maskanida saralangan “oq oltin” xirmoni 15 ming tonnaga yetdi. Terimda qatnashgan hasharchilarga tijorat banklari tomonidan 11 milliard 998 million so‘m to‘langani o‘nlab oila moddiy manfaatdorligidan dalolatdir.
Zarif Komilov, O‘zA