Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtakorlar kengashdi
10:50 / 2025-08-13

Qiziriq tumanida paxta yig‘im-terimini samarali tashkil etish va uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tumandagi "GTG AGRO" mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasterining paxtani qayta ishlash korxonasida tashkil etilgan tadbirda bahorgi yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lib, yoz ob-havosi issiq kelgan bu yilgi sharoitda ham viloyat paxtakorlari omilkorlik bilan mehnat qilib, salmoqli hosil to‘plagani qayd etildi. Pishib, yetilayotgan xomashyoni isrof qilmasdan terib-yig‘ib olish fermerlar va paxta-to‘qimachilik klasterlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.  

Joriy yil hosili uchun  vohada 1 ming 945 fermer 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, sifatli, mo‘l hosil yetishtirdi. Hosil salmog‘ini yanada oshirish uchun ayni paytda ham zarur agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.  

Tadbirda terimoldi agrotexnik tadbirlarini, shu jumladan, g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, terimchilar uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy “FM WORLD 4MZ-4” rusumli paxta terish mashinasi taqdimoti o‘tkazildi.  

Bu yilgi yig‘im-terim mavsumida viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari xorijda ishlab chiqarilgan 60 dona zamonaviy paxta terish mashinasidan unumli foydalanib, hosilni tez va sifatli yig‘ib olishni mo‘ljallamoqda.  

Seminarda Surxondaryo viloyat hokimi U.Qosimov ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri