English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Paxtakor” yaxshi o‘yin ko‘rsata olmayapti...
23:10 / 2023-09-25

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasi 19-turidan o‘rin olgan 7 uchrashuvning bo‘lib o‘tgan 5 tasi kutilmagan natijalar bilan yakuniga yetdi.

“Turon” (Yaypan) – “Neftchi” (Farg‘ona) hamda “Buxoro” (Buxoro) – “Olipik” (Toshkent) bahslari 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan Temur Kapadze bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Xitoyda o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotganligi sababli keyinroq muddatga qoldirilib, bu uchrashuvlar joriy yilning 9 va 10 noyabr kunlariga belgilandi.

Ushbu turda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi o‘z maydonida O‘zbekistonning amaldagi chempioni, turnir jadvali yakka peshqadami, poytaxtning “Paxtakor” klubini qabul qildi. 

Paxtakor” o‘yinni taktik hujumlar bilan, maydon egalari esa tezkor qarshi hujumlarga tayanib to‘p surdi. Ana shunday qarshi hujumlardan birida jizzaxliklar sardori Javohir Qahramonov jamoadoshi Samandarjon Mavlonqulovning “Paxtakor” posboni Sanjar Quvvatov bilan birga-bir vaziyatga chiqishini ta’minladi. Ammo Samandarjon bergan zarbani mehmonlar posboni oyog‘i bilan maydon tashqarisiga chiqarib yuborib, jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. 

O‘yinning 41-daqiqasida “So‘g‘diyona” yana bir xavfli va tezkor qarshi hujum tashkil etdi. Bu safar mezbonlar legioneri Lyupche Doriyev uzun to‘p uzatmasi bilan iqtidorli yosh hujumchi Samandarjon Mavlonqulovning raqib darvozaboni bilan yana bir bor yakkama-yakka chiqishini ta’minladi. Samandarjonning bu safargi chap oyoqda bergan kuchli zarbasini toshkentliklar posboni qaytara olmadi – 1:0.

Birinchi bo‘lim shu tariqa poyoniga yetdi. 

O‘yinning 2-bo‘limida “Paxtakor” bosimni yanada oshirdi. Maydon egalarida esa tezkor qarshi hujumda ikkinchi gol kiritish uchun bir qator vaziyatlar yuzaga keldi.Ayniqsa, mehmonlar jarima maydoni yaqinginasida himoyachi va darvozabon o‘rtasidagi tushunmovchilikdan foydalanib, “So‘g‘diyona” futbolchisi Javohir Qahramonov to‘pni olib qo‘ydi va 100 foizlik gol kiritish imkoniyatini chippaka chiqardi. 

Uchrashuv bosh hakammi Ahrol Risqullayev tomonidan o‘yinga 8 daqiqa qo‘shib berildi. 90+5-daqiqada u mezbonlar jarima maydonida jizzaxliklar tarkibida zaxiradan maydonga tushirilgan Sanjar Shoahmedov raqibiga nisbatan o‘yin qoidasini buzgan deb topdi va “So‘g‘diyona” darvozasi tomon VARni ko‘rmay ham penalti belgiladi. Toshkentlik Po‘latxo‘ja Xoldorxonov zarbani aniq bajarib, hisobni tenglashtirdi – 1:1.

Maqolaga shu yerda “O‘yinda jangovar durang qayd etildi” deb yakun yasashim mumkin edi (Penalti hakam tomonidan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri belgilanganiga aniqlik kiritib, uning harakatiga baho berish esa mutaxassislarning e’tiboriga havola). 

Ammo futboldagi penalti tepish qoidalarini qisman bo‘lsada yodga olib o‘tmasak, adolatdan bo‘lmasa kerak.

Futbolda penalti tepish qoidasiga ko‘ra, 11 metrlik jarima zarbasini bajarayotgan futbolchi to‘pga zarba bermasdan avval hujum qilayotgan jamoaning boshqa bir yoki bir necha o‘yinchilari himoyalanayotgan jamoa jarima maydoniga zarbaga qadar kirib ketgan holatda gol kiritilsa, penalti qaytadan tepilishi talab etilishi qayd etilgan.

Ushbu vaziyatda “Paxtakor” futbolchisi Po‘latxo‘ja Xoldorxonov to‘pga zarba berib ulgurmay, mezbonlar jarima maydoniga hujum qilayotgan jamoa – “Paxtakor”ning 7-raqamli futbolchisi Odiljon Hamrobekov hamda 3-raqamli o‘yinchisi Hojiakbar Alijonov, to‘pga zarba berilmay turib raqib jarima maydoniga kirib ketdi. Bosh hakam Ahrol Risqullayev(uning yordamchisi ham)buni ko‘rmasligi mumkin emas edi. Xulosa o‘zingizdan. 

Xullas, “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” o‘yinida mehmonlar so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Lekin toshkentliklar ketma-ket to‘rtinchi yildirki, Jizzaxdan uylariga g‘alabasiz qaytishlariga to‘g‘ri kelmoqda. 

Maksim Shatskix jamoasining keyingi raqibi – Osiyo chempionlar ligasida ham, mamlakatimiz chempionatida ham mag‘lub bo‘lib, g‘azabga to‘lib turgan Olmaliqning OKMK klubi. “Paxtakor”ga bu safar “So‘g‘diyona” bilan o‘tgan bahsdan ham qiyinroq bo‘lishi shubhasiz. 

Shu kuni Qarshida “Nasaf” va Toshkentning “Bunyodkor” klublari o‘rtasidagi bahs ham keskinligi jihatidan Jizzaxdagi o‘yindan aslo qolishmadi.

OCHLda barcha muxlislarini xursand qilib kelgan Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari, “Buyodkor”dan 87-daqiqada gol o‘tkazib yuborib, chempionlik sari yana bir qadam ortga chekindi. “Nasaf” – “Bunyodkor” yakuniy hisob 0:1.

Xuddi shunday tisarilishni chempionlikka asosiy da’vogar sifatida qaralayotgan Namanganning “Navbahor” jamoasi ham qayd etdi. Samvel Babayan boshchiligidagi namanganliklar Andijonda mahalliy “Andijon” klubiga 2:1 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Ushbu turdagi yana bir uchrashuvda Termizdagi stadion tayyor bo‘lmaganligi sababli bir necha yildan buyon uy uchrashuvlarini Toshkentda o‘tkazayotgan “Surxon” kutilmaganda chempionat “autsayderi” Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Jizzaxdan bir amallab 1 ochko olib ketgan “Paxtakor” 42 ochko bilan chempionlik sari tobora yaqinlashmoqda. Lekin “Paxtakor”ni chempionlikka xos va mos o‘yin namoyish etayapti, deb bo‘lmaydi. Poytaxt jamoasi shu o‘yini bilan balki O‘zbekistonda bu yil ham amallab chempion bo‘lar, ammo Maksim Shatskix va jamoa rahbariyati jamoa o‘yini bilan jiddiyroq shug‘ullanmasa, OCHL bahslaridagi uchrashuvlarda o‘zbek futboli nufuzini, qolaversa, sharafli “Paxtakor” nomi dovrug‘ini tushirib yuborishi hech gap emas.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri.