Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiy Kamoliddin Tojiyev qo‘l ostida yangi mavsumga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini Turkiyada o‘tkazmoqda.
Antaliya shahrida tashkil etilgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida poytaxt klubi a’zolari nafaqat mashg‘ulotlar, balki bir qator nazorat uchrashuvlarida ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Jumladan, “Paxtakor” Moldovaning "Petrokub" klubini 3:2 hisobida yengdi. Qozog‘istonning "Qayrat" jamoasi bilan esa 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Ertaga, 12 fevral kuni ikkita uchrashuv o‘tkazadi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, poytaxtimizning bosh jamoasi shu kuni Ukrainaning "Epitsentr" va "Obolon" jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng jamoa yana ikki o‘yin o‘tkazadi, so‘ngra O‘zbekiston Superligasining ilk turida “Qizilqum”ga qarshi o‘yinga bor e’tiborini qaratadi.
Jamoa holati haqida xabar beradigan bo‘lsak, hozircha Flamarion to‘liq tarkibdagi mashg‘ulotlarda ishtirok etmayapti. Chigalyozdi mashg‘ulotlarni jamoa bilan birga qilgan holda, qolgan payt yakka tartibda shug‘ullanyapti. Sherzod Nasrullayevda esa mikro jarohat bor. Abdurauf Bo‘riyev esa asosiy tarkibga qaytdi.

Darvoqe, Hojiakbar Alijonov bilan "Paxtakor" kelishuvini 2027 yil oxiriga qadar uzaytirdi. 2018 yildan beri asosiy tarkibda o‘ynab kelayotgan himoyachi Superligada 166 o‘yinda 8 gol urishga erishgan.
"Paxtakor" tarkibida barcha musobaqalarda 234 uchrashuvda ishtirok etib, 11 to‘p kiritgan. Hozirgacha Hojiakbar jamoa bilan 5 marta O‘zbekiston chempionati, 3 bor O‘zbekiston kubogi, 2 marta Superkubok hamda bir bor Liga kubogida zafar quchgan.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA