Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida "Paxtakor" kumush, "Nasaf" esa bronza medali sohibiga aylandi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Namangan shahrida o‘tkazilgan “Navbahor” – “Paxtakor” qarama-qarshiligida 1:1 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdagi gollarga Igor Sergeyev va Zabihillo O‘rinboyev mualliflik qildi.

Mazkur natijadan so‘ng, bu yilgi mavsumni Kamoliddin Tojiyev boshchiligidagi “Paxtakor” klubi 60 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda yakunladi. “Navbahor” esa 40 ochko bilan hozircha jadvalning 7-o‘rnida qoldi.
Qarshi shahrida o‘tgan “Nasaf” – “Dinamo” bahsida hisob ochilmadi. Shu tariqa, “Nasaf” Superligada 59 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egalladi. “Dinamo” 58 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onada qoldi.

Darvoqe, to‘purarlar ro‘yxatida “Paxtakor” hujumchisi Igor Sergeyev 20 ta gol urgan holda yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi.
Agar ertaga hisobida 16 ta gol mavjud bo‘lgan “So‘g‘diyona” jamoasi a’zosi Lyupcho Doriyev “Qo‘qon-1912” jamoasi darvozasiga beshta gol urolmasa, Igor joriy mavsum to‘purari bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA