Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining ilk turida “Buxoro” – “Qo‘qon-1912”, “Andijon” –“So‘g‘diyona”, “Paxtakor” – “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 1-turni “Buxoro” va “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi bahs boshlab berdi. Unda mezbonlar 1:0 hisobida zafar quchdi. O‘yindagi yagona golga 8-daqiqada Sherzod Esanov mualliflik qildi.

“Bobur-Arena” stadionida o‘tkazilgan “Andijon”—”So‘g‘diyona” uchrashuvi 4:0 hisobida yakunlandi. Bellashuvdagi gollarni Nemanya Chalasan (13), Martin Buake (45), Dragan Cheran (54) va Po‘latxo‘ja Xoldorxonov (82) kiritdi.
Poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida tashkil etilgan "Paxtakor" hamda "Qizilqum" klublari bahsida mezbonlar Doston Hamdamov va Pyotr Parjishek tomonidan urilgan gollar evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, birinchi turda “Paxtakor”, “Andijon” va “Buxoro” o‘zlarining ilk uch ochkolarini qo‘lga kiritdi.
Ertangi o‘yinlarni «Neftchi» va «Mash’al» to‘qnashuvi boshlab beradi. «Lokomotiv» – «Surxon» bahsi 19:00 da, «Dinamo» – «Navbahor» o‘yini soat 19:15 da tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA