Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining 6-turi uchrashuvlari bugun, 2 dekabr kuni start oladi va 3 dekabr kuni ham ba’zi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Bugun ushbu tur doirasida “Persepolis” – “Al-Shorta”, “Al-Ahli” – “Istiqlol”, “Al-Vasl” – “Al-Rayyan”, “Al-Nasr” – “Al-Sadd” jamoalari o‘zaro raqobatlashsa, ertaga 3 dekabr kuni “Paxtakor” – “Al-Ayn”, “Al-Hilol” – “Al-Garafa” bahsiga guvoh bo‘lamiz.
O‘zbek futbol muxlislari uchun ushbu o‘yinlar orasida 3 dekabr kuni “Paxtakor” jamoasining “Al-Ayn”ga qarshi o‘tadigan o‘yini muhimroq.
“Paxtakor” va “Al-Ayn” klublari bugunga qadar jami 6 marta to‘qnash kelgan va ularning 3 tasida poytaxtimiz jamoasi g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan va bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Har ikki jamoa 8 tadan gol urgan. O‘zbek klublaridan faqat “Paxtakor” “Al-Ayn”ni mag‘lub etishning uddasidan chiqqan.
“Al-Ayn”ni hozirda tajribali mutaxassis Leonardo Jardim boshqarmoqda. Klub OCHLning amaldagi g‘olibi sanaladi. Jardim 2021 yil “Al-Hilol” bilan Osiyo Chempionlar ligasida zafar quchgan.
Ayni damda “Paxtakor” musobaqada 3 ochko bilan 10-pog‘onada borayotgan bo‘lsa, “Al-Ayn” 1 ochko bilan so‘nggi – 12-o‘rinda bormoqda. “Paxtakor” va “Al-Ayn” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 3 dekabr, seshanba kuni "Jar" stadionida soat 19:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida: musobaqada “Al-Ahli” 15, “Al-Hilol” va “Al-Nasr” 13 ochko bilan ayni damda kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA