Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Mazkur turning so‘nggi bahslari doirasida 3 ta o‘yin o‘tkazildi.

Unda “Xorazm“ mehmoni bo‘lgan OKMK uchrashuvning 90+8 daqiqasida Oybek Rustamov goli evaziga 0:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, “Nasaf“ o‘z uyida “Surxon“ klubini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindagi yagona golga 41-daqiqada Dragan Cheran mualliflik qildi. Yangi mavsumga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rgan poytaxtimizning “Paxtakor“ jamoasi, muxlislari uchun yana bir kutilmagan natijani tuhfa etdi. Gap shundaki, katta maqsadlar bilan Superligani boshlagan “Sherlar” o‘z uyida “Andijon“ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Beshinchi tur yakunlariga ko‘ra, Superliga jadvalida OKMK 13 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylangan bo‘lsa, “Nasaf” va “Bunyodkor” 11 ochko bilan kuchli uchlikdan o‘rin olgan. “Neftchi”, “Andijon” va “Dinamo” klublari musobaqada 9 ochko jamg‘argan holda keyingi o‘rinlarda bormoqda. “Navbahor” esa 8 ochko bilan 7-pog‘onadan joy oldi. “Qo‘qon-1920”, “Buxoro” va “Xorazm” jamoalari 6 ochko to‘plagan holda kuchli o‘ntalik ro‘yxatni yakunlab berdi.
“So‘g‘diyona” va “Qizilqum” 4 ochko jamg‘arib, 11-12-o‘rinda bormoqda. “Paxtakor”, “Surxon”, “Mash’al” 3 ochko bilan, “Sho‘rtan” esa bor-yo‘g‘i 1 ochkoni qo‘lga kiritib, quyi pog‘onalarga joylashdi.
Darvoqe, “Qizilqum” va “Xorazm” klublari qolgan jamoalarga nisbatan bitta o‘yin kam o‘tkazgan. 5-tur yakunlariga ko‘ra, Luis Kachori (“Bunyodkor”) 4 ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Uni Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) va Zoran Marushich (“Neftchi”) 3 ta gol urgan holda ta’qib etmoqda.
Milliy chempionatimizning 6-turi 18-20 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz:
18 aprel:
“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912”;
“Xorazm” – “Bunyodkor”;
19 aprel:
“Neftchi” – “Paxtakor”;
“Sho‘rtan” – “Mash’al”;
“Buxoro” – “Nasaf”;
20 aprel:
OKMK – “So‘g‘diyona”;
“Andijon” – “Dinamo”;
“Surxon” – “Navbahor”.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA