Xabaringiz bor, Toshkentning “Paxtakor” klubi joriy yilgi mavsumga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun bir necha bosqichli o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Jamoa dastlabki yig‘inni Toshkentda boshlagan bo‘lsa, Qibraydagi klub bazasida futbolchilar asosan jismoniy holatni yanada yaxshilovchi, texnik va taktik mashqlarni bajardi.

“Paxtakor” jamoasi mamlakatimizdagi yig‘indan so‘ng bugun, 17 yanvar kuni Turkiyaning Antaliya shahriga yo‘l oldi. 30 yanvargacha davom etadigan mashg‘ulotlar doirasida “sherlar” 22 yanvar kuni Shimoliy Makedoniyaning "Struga", 24 yanvarda Kosovoning "Prishtina" va 30 yanvar sanasida Bolgariyaning "Botev" jamoalariga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushadi.

Darvoqe, Vladimir Nazarov, Mahmud Mahammadjonov, Ibrohim Ibragimov, Oybek Bozorov va Rustam Turdimurodov kabi klub futbolchilari, milliy terma jamoa yig‘inida ishtirok etishi sababli Antaliyadagi birinchi yig‘inni o‘tkazib yuboradi. Flamarion jarohat sababli mashg‘ulotlarga keyin qo‘shiladi. Shu bois Kamoliddin Tojiyev dastlabki yig‘in uchun 26 nafar futbolchini tanlab oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA