French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtachiliklar Prezidentdan so‘ragan masala hal bo‘ldi
18:30 / 2021-04-18

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida 16 aprel kuni viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Ushbu yig‘ilishda Paxtachi tumani vakillari Samarqand shahridagi "Ona va bola skrining markazi"ga borib kelish aholi uchun qiyinchilik tug‘dirayotganini aytib, mazkur markazning hududiy filiali tashkil etilishini so‘ragandi.

Prezidentimiz ushbu masalani qisqa fursatda hal etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq bergandi.

Shu kunning o‘zida amaliy ishlar boshlandi. Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy birlashmasiga so‘nggi rusumdagi "Mindray DC-60" ultratovush apparati keltirildi. Ushbu apparat homiladorlikning tug‘ma nuqsonlarini erta aniqlashda samarali hisoblanadi, bu esa sog‘lom avlodni dunyoga keltirishda juda katta ahamiyat kasb etadi.

Endilikda Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlari aholisi shu yerda skrining tekshiruvidan o‘tishi mumkin.

17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Laziz To‘ychiyev Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida bo‘lib,  viloyat "Ona va bola skrining markazi" hududiy filialini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda homilador ayollar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Shuningdek qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

G‘.HASANOV, O‘zA