Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtachilikda kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, sovuq havo oqimining salbiy ta’siri kuzatilishi mumkin
10:28 / 2022-03-25

Paxta tolasi qishloq xo‘jaligida tayyorlanadigan yalpi mahsulotning deyarli yarmini tashkil etadi. Keyingi tahlillarga ko‘ra paxtachilikda ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud.

Qishloq xo‘jaligi mavsumi yog‘ingarchilik va hatto havo haroratining keskin sovishi bilan boshlandi. Dalalarda mo‘l hosil to‘planishiga erishish esa avvalo qulay ob-havo sharoiti, ishning tizimli asosda tashkil qilinishiga bog‘liq.  

Ma’lumki, O‘zbekistonda ko‘p yillar mobaynida paxta yetishtirishda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanib kelingan. O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan taqiq sababli muammolar yuzaga keldi. Kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha jahonning eng yirik kompaniyalari o‘zbek paxtasini sotib olishdan bosh tortdi va O‘zbekiston bilan aloqalarni butunlay uzdi.

bugungi kunda boykot olib tashlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasiga boykotning bekor qilinishi to‘qimachilik mahsulotlari eksportining umumiy hajmini ikki baravarga oshirishi mumkin.  

Boshqa sohalarga qaraganda, o‘zining g‘oyat nozikligi, ko‘p mehnat, katta bilim va tajriba talab qilishi bilan ajralib turadigan paxtachilikda yuksak natijalarni qo‘lga kiritish oson emas.  

Paxta yetishtirishda moddiy-texnik ta’minot, agrotexnik tadbirlarni, xususan, chekanka va defoliatsiyani o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish, yuqori hosildorlikka erishishda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Begali Niyazaliyev quyidagilarni ma’lum qildi.  

- Texnik ekinlardan paxta yetishtirish juda murakkab jarayon bo‘lib, juda ko‘p tadbirlar yilning qanday kelishiga hamda iqlimiy hudud va ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi, - deydi Begali Niyazaliyev. - Ko‘p yillik kuzatishlardan ma’lumki, bahor odatdagidan kech kelib, havo harorati past bo‘lgan yillarda ob-havo qurg‘oqchilik kelgan yillarga nisbatan paxta yetishtirish ancha qiyinlashadi, kutilmagan muammolar yuzaga keladi. Joriy yil ham mart oyining birinchi o‘n besh kunligida kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar chigit ekiladigan maydonlarda erta bahorgi agrotexnik tadbirlar (yer tekislash, boronalash, mola bosish va pushta olish) va chigit ekish ishlarini erta muddatlarda amalga oshirishni bir muncha kechiktirmoqda.

Alohida ta’kidlashim lozimki, respublikamiz hududlarida chigit ekishga hali kirishilmaganligi sababli kirib kelgan sovuq havo oqimining salbiy ta’siri kuzatilmaydi. Xususan, kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda tuproqda tirik holda qishlab, ayni damlarda uyg‘ongan zararli hasharot gumbaklari sovuq ta’sirida nobud bo‘lib, o‘suv davrida g‘o‘zaga zararini kamaytiradi.

Shundan kelib chiqib, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ushbu ketma-ket yog‘ingarchilik va sovuqli kunlar o‘tishi bilan darhol, chigit ekish ishlarini boshlab yuborishlari va mavsumni qisqa muddatlarda 10-12 kunda sifatli yakunlash choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Buning uchun mavsumda qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ishchi holatga keltirish, mineral, yoqilg‘i-moylash materiallari (YOMM) zaxirasini yaratish, mahalliy o‘g‘itlarni to‘plash, saqlash, kompostlar tayyorlash, urug‘lik chigitni maxsus maydonlarga chiqarish va chigit ivitadigan xandaklarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratishlari lozim.

Fosforli va kaliyli o‘g‘itlar kuzgi shudgor oldidan solinmagan bo‘lsa, erta bahorda boronalash oldidan, fosforli o‘g‘itlarning yillik 60-70 foiz me’yorini, kaliyli o‘g‘itlarning 50 foizi ekish oldidan ishlashda, chizel kultivatorlar (CHKU-4) yoki boshqa turdagi o‘g‘it soladigan mexanizmlar yordamida tuproqqa kamida 15-17 sm. chuqurlikka solinadi.  

Namlikni saqlashda erta bahorda o‘tkaziladigan boronalash ekish oldidan tuproqni mayin, donador, zichligini me’yorida bo‘lishiga olib keladi va tabiiy namlikni yaxshi saqlash xususiyatini oshiradi. Natijada chigit bir xil chuqurlik va namga ekiladi, nihollar tekis unib chiqadi. G‘o‘za barvaqt o‘sib, rivojlanadi, hosildorlik oshadi. Chigit ekish oldidan ishlov tadbirlari tuproqning holatiga qarab amalga oshiriladi.

Boronalangan maydonlar yuzasi tekis bo‘lsa, ekish oldidan molalash yetarli bo‘ladi.

O‘rta va kuchli darajada begona o‘tlar bosgan maydonlarda yassi kesuvchi ishchi organlar o‘rnatilgan holda chizelga tirkalgan boronalar yordamida ko‘p yillik begona o‘tlarning ildizlarini tozalab chiqarib tashlash muhim. Yuzada qolgan ildizlar esa qo‘lda terilib, yoqib yuboriladi. So‘ng notekisliklarni bartaraf etish uchun mola bostiriladi. Mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarga chizel yordamida 15-17 sm.gacha chuqurlikda ishlov beriladi. Bunda chizel orqasiga borona tirkalgan bo‘lishi lozim. Mexanik tarkibi yengil va o‘rtacha bo‘lgan o‘tloqli tuproqlar faqat boronaladi va mola qilinadi.

Pushta olingan maydonlarda tuproqda namlik yaxshi saqlanadi hamda kesak bo‘lib qolishning oldi olinadi. Pushta haydov qatlamda tuproq zichligini uzoq muddat maqbul holatda saqlab turishni ta’minlaydi. Bu texnologiyada tuproqning ustki qismida harorat tekis dalaga nisbatan 1-3 darajaga yuqori bo‘ladi. Chigit esa barvaqt unib chiqadi, paxta hosildorligi 4-6 s/ga oshishi ta’minlanadi.

G‘o‘zani sug‘orish texnologiyasining samaradorligini oshirish uchun egat oralatib sug‘orish, ikki xil ishlov berish tavsiya etiladi. Bunda har sug‘orishdan keyin haydov traktori ikkita ishni bir vaqtda bajaradi, ya’ni suv yurgan qatorni yumshatib, suv yurmagan qatorga egat olib, keyingi suvga tayyorlab ketadi. G‘o‘zani egat orqali navbatlab bir xil me’yorda sug‘organda mavsumiy suv miqdori oddiy usulga nisbatan 15-16 foiz tejalib, hosildorlik 3-5 s/ga.gacha oshganligi isbotlangan.

Suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish suv sarfini 20-25 foizgacha kamaytirishga imkon yaratadi. Bunda ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasidan foydalanish tavsiya etiladi. Dastlabki suv tez oqiziladi. So‘ng egat etagiga yetib borgach, suv kamaytiriladi. Egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish amalga oshirilgan bo‘lsa, bu maydonda kamida 20 foiz suv iqtisod qilinadi.

Tomchilatib sug‘orishda g‘o‘zaning o‘suv davrida mineral o‘g‘itlar suvda erigan holda uzluksiz yetkazib beriladi, tuproqning ildiz tizimi tarqalgan qatlamda optimal suv va ozuqa rejimi hosil bo‘lishi imkoniyati yaratiladi va paxta hosildorligi oshadi. G‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish qo‘llanilganda, egatlab sug‘orishga nisbatan tez-tez va kam me’yorlarda sug‘orish tavsiya etiladi. Chigit bir tekis unib chiqishi uchun 80-100 S samarali harorat yig‘indisi talab qilinadi. Chigitni maqbul muddatda ekish, tuproqning tabiiy namligidan oqilona foydalanish tufayli keyinchalik g‘o‘zaning suvsizlikka bardoshliligini oshirish va ertaki hosil olish mumkin.  

Fermerlar ekish mavsumini qisqa muddatlarda sifatli o‘tkazish uchun chigit ekadigan texnika va agregatlarga, mexanizator va seyalkachilarga, urug‘lik chigitni namlash va yetkazib beruvchilarga va barcha tashkiliy ishlarga jiddiy e’tibor berishlari kerak. Tukli chigitlarni namlash bilan birgalikda ekish oldidan yoki urug‘lik chigitlarni tayyorlash davrida Uzgumi (0,7-0,8 l/t), Bioduks (2-3 ml/t), Fitovak (300-400 ml/t) stimulyatorlari bilan ishlov berilsa, quruq ob-havo va tuproq sharoitlarida ham chigitning unuvchanligini oshiradi. Ildiz tizimini baquvvat rivojlantiradi va tuproqning tabiiy namligidan unumliroq foydalanishi hisobiga uning o‘sish va rivojlanishi tezlashadi. To‘g‘ri va ilmiy tavsiyalar asosida namlangan chigitning saqlanish muddati 18 soatdan oshmasligi darkor. Namlangan va talab darajasida dimlangan urug‘lik chigitlar qoplarga solinadi va dalalarga olib boriladi.

Paxta yetishtirish murakkablikni talab etadigan jarayondir. Bugungidek seryog‘in yillarda paxta yetishtirishda dehqonlar va fermerlar uzoq yillar tajribasi bor mutaxassislarga tayanib ish ko‘rishlari lozim. Seryog‘in va namgarchilik hamda havo harorati past kelgan yillarda asosan e’tiborni agrotexnik tadbirlarga qaratish kerak bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA