Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi hamkorligida “Paxtachilikda innovatsion yondashuvlar va intensiv agrotexnologiyalar, urug‘chilik tizimini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda paxtachilik sohasida zamonaviy yondashuvlar, resurs tejovchi texnologiyalar va yuqori hosildor navlar yetishtirish borasidagi tajribalar almashildi. Urug‘chilik tizimini takomillashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.


Shuningdek, soha olimlari va tajribali mutaxassislar tomonidan agrotexnologik yangiliklar, raqamli kuzatuv tizimlari va urug‘lik mahsulotlari sifatini oshirish borasidagi ilmiy ishlanmalar taqdim etildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar agrotexnika jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish, urug‘likni saqlash va sertifikatlash masalalari bo‘yicha malaka oshirdi.


Tadbir yakunida innovatsion tajribalarni joylarda tatbiq etish, ilmiy muassasalar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, paxtachilikda barqaror hosildorlikka erishish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA