Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtachilik: xorij navlari o‘zini oqlamoqda
14:21 / 2025-12-23

Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, qishloq va suv xo‘jaligi sohalari vakillaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Safar dasturiga ko‘ra delegatsiya a’zolari Xitoy paxtachilik tarmog‘i yutuqlari, to‘plangan tajribalar bilan yaqindan tanishish, bir qator yetakchi paxta tozalash va urug‘chilikka ixtisoslashgan kompaniya vakillari bilan yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan. 

Xususan, Shinjon tumanidagi “HillTide” korxonasi bilan hamkorlikda paxtaning “Xinluzhong-73” va “Hongtai-6636” navlarining R1 toifali urug‘lik olib kelish maqsad qilingan. Qayd etish lozimki, Toshkent viloyatida 2026 yil hosili uchun jami 49 ming 880 gektar maydonga (shundan 27 ming 950 gektar xorijiy nav) urug‘lik chigit talab etiladi. 

Bugungi kungacha Xitoy Xalq Respublikasi bilan Toshkent viloyati o‘rtasida paxtaning super elita avlodidan elita urug‘lik xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Safar dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Xitoy agrar tarmog‘ida qo‘lga kiritilgan yutuqlar va ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi. 

Shuningdek, urug‘chilik va agrokimyo yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazilmoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining Nantun shahrida joylashgan “Jiangshan Chemical” korxonasida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda gerbitsidlar, oq pashsha va ko‘sak qurti kabi zararkunandalar, shuningdek, begona o‘tlarga qarshi kurashishda qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar hamda mineral o‘g‘itlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari paxtani qayta ishlash uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “HAYSHUN GROUP” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda zamonaviy paxtani qayta ishlash uskunalari va texnologiyalarini Toshkent viloyatidagi paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda kichik xususiy urug‘chilik korxonalari faoliyatiga joriy etish masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, muloqotda sifatli tola, lint va boshqa qimmatli paxta xomashyolarini qayta ishlash hajmlarini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi. 

A.Musayev, O‘zA.