Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtachilik va urug‘chilik yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi
11:18 / 2026-02-23

Mamlakatimizda tekstil sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim. Shu sababli, tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish zanjirini chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ana shu ishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Turkiyaning “DoCotton Group” kompaniyasi boshqaruvi kengashi raisi Mehmet Dog‘on boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida mamlakat tekstil tarmog‘ining investitsiyaviy imkoniyatlari, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish zanjirini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, muloqot chog‘ida paxtachilik tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik tizimini takomillashtirish va sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish orqali hosildorlik va mahsulot sifati ko‘rsatkichlarini yaxshilash masalalari ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, tomonlar paxtani chuqur qayta ishlashni kengaytirish, yuqori sifatli ip-kalava va mato ishlab chiqarish hajmini oshirish, xalqaro darajadagi brendlar yaratish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ham muhokama qildi. Bunday yondashuvlar milliy tekstil mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Qayd etilganidek, mazkur hamkorlik yo‘nalishlari O‘zbekiston tekstil tarmog‘ining barqaror rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mamlakat iqtisodiyotida sanoat ulushining ortishiga munosib hissa qo‘shadi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA