Genetika jonli organizmlardagi nasldorlik va turlanishni o‘rganuvchi murakkab fandir. Bu yo‘nalishda ilm qilishning o‘zi bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va O‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti yetakchi ilmiy xodimi Dilrabo Ernazarova ushbu qiyin sohani tanlab, biologiya fanlari doktori darajasiga erishdi.
Yosh tadqiqotchi sifatida o‘z ilmiy faoliyatini 23 yil muqaddam ushbu nufuzli ilmiy muassasada mashhur genetik olima, biologiya fanlari doktori, professor Safiya Rizayeva rahbarligida boshlagan. Uning tadqiqotlari yovvoyi g‘o‘za turlarining o‘zaro qarindoshlik darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, 2008 yilda nomzodlik, 2023 yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Bugun esa ustoz-shogird an’analari davom etib, o‘simliklar genetikasi borasida egallagan bilimlarini yoshlarga ulashib, o‘z navbatida shogirdlari ham bir qator yutuqlarga erishdi.
Masalan, Asiya Safiullina mazkur institutda faoliyat yuritib kelayotgan yosh va istiqbolli tadqiqotchi hisoblanadi. U g‘o‘za genetikasi va seleksiyasi sohasida olib borgan ilmiy tadqiqotlari natijasida yaqinda biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Yosh olimaga mazkur yo‘nalishda yangilik kiritishida Dilrabo Ernazarovaning o‘gitlari qo‘l keldi.
- Tadqiqotlarimiz ichida issiqqa chidamli genlarni o‘rganish, shu asosda boshqa namunalarga kiritish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boryapmiz, - deydi Fanlar akademiyasi Genetika va O‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti tadqiqotchisi Asiya Safiullina. – Asosiy maqsad o‘rganilmagan noyob ob’ektlarning qaysidir qimmatli belgilari o‘rganilmagan bo‘lsa, shularni ilmiy o‘rganish va shu asosda navlarning boshlang‘ich manbaalarini yaratish. Qayta-qayta chatishtirish asosida yangi navlar olish.
Asiya Safiullina o‘z tadqiqotlarida o‘rta tolali g‘o‘za genofondiga mansub yovvoyi turlaridan foydalangan holda mavjud navlarning qimmatli xo‘jalik xususiyatlarini yaxshilash borasida izlanishlar olib bordi. Uning PhD tadqiqoti doirasida ayrim yovvoyi g‘o‘za shakllarining filogenetik yaqinlik darajasi molekulyar usullar asosida o‘rganildi va ulardagi seleksion jihatdan muhim belgi va xususiyatlar aniqlandi. Bu esa milliy seleksiyamiz uchun muhim bo‘lgan yangi, noyob boshlang‘ich manbalarni ajratib olish imkonini berdi.
Asiya Safiullinaning ilmiy ishi nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy seleksiya ishlarida ham katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu natijalar yordamida mahalliy g‘o‘za navlarini yaxshilash, xususan, ularning hosildorligi va stress omillarga chidamliligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi genetik manbalar yetishib chiqishi kutilmoqda.
Qahramonimiz Dilrabo Ernazarova hozirgi kunda, mazkur institutning "O‘simliklar genom tadqiqotlari" laboratoriyasida ko‘plab talaba va magistrlar, shuningdek yosh tadqiqotchilarga bilim va tajribasini bag‘ishlayotgan, jonkuyar ustoz sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida yetishib chiqayotgan ko‘plab yosh olima-tadqiqotchilar bugungi kunda o‘z ilmiy izlanishlarida salmoqli yutuqlarga erishmoqda.
Olimalarimizning yutuqlari eng avvalo yurtimizda ilmiy merosning uzviyligi, ustoz-shogird an’analarining izchil davom etayotganligidan dalolatdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SIDxGSQO2Bs" title="Paxtachilik ilmida ustoz-shogird an’analari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA