Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxtachilik: ilg‘or va innovatsion agrotexnologiyalar yuqori hosildorlik garovi
21:47 / 2025-04-19

Andijonda paxtachilik istiqbollari, sohaga ilg‘or va innovatsion ish uslublarini joriy etish, hosildorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda qator  tashkilotlar hamkorligida Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligi dalasida seminar tashkil etildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyati hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, paxtachilikka ixtisoslashgan klaster korxonalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutasaddi va mutaxassislari ishtirok etdi.  

Tadbirda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutlari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan mahalliy hamda xorijiy urug‘lar, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmalarda namoyish etildi.  

Ishtirokchilar dastlab ana shu ko‘rgazmalari, shuningdek, “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligi dalasida 76 sxemaga, tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida plyonka ostiga qo‘shqator ekilgan chigitning rivojlanishi, parvarish jarayonlari, dala bo‘yidagi zovurda o‘rdak boqishning qay tartibda yo‘lga qo‘yilganligi bilan tanishdi.  

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov, mutaxassislar tomonidan paxtachilikda ilg‘or innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ularning qulaylik va afzalliklari haqida keng ma’lumotlar berildi.  

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov. – Ana shu maqsadga erishishning eng maqbul yo‘li – ilg‘or, innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish, qolaversa, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishdir. O‘tkazilayotgan ko‘rgazmali seminarning asosiy maqsadi ham fermerlarga, mutaxassislarga ana shu ilg‘or agrotexnologiyalarning afzalliklari, samaradorligini tushuntirish, targ‘ibot etishdan iborat.  

Masalan, paxtachilikda yangi texnologiya, ya’ni tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan, plyonka ostiga 76 sxema asosida qo‘shqator chigit ekish yuqori samara beradi. Bu usul niholning bir me’yorda o‘sib chiqishini, ko‘chat ostida doimiy namlik saqlanishini, eng asosiysi, erta va  yuqori hosil olish imkonini beradi.  

Shuningdek, seminarda yerning mahalliy sharoitidan kelib chiqib, turli kasalliklarga chidamli urug‘larni tanlash va ekish ham yuqori hosil olishda muhim ekanligi alohida qayd etildi.  

Oltinko‘l tumanidagi 137 ta paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan joriy yilda 3 ming 640 gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda. Ushbu maydonning aksariyatiga 76 sxemali yakka va qo‘shqator usulda chigit ekildi. Sinov tariqasida 2,5 ming gektar maydonga xitoy usulida ekildi. Bundan tashqari, ayrim xo‘jaliklarning ma’lum qism yer maydonlariga Xitoyning “Xin Lu Jong 52” nav urug‘i ekildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha , ushbu nav ko‘sak qurtiga chidamliligi, erta pishishi va yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi.

Seminar davomida ishtirokchilarga innovatsion usullarni joriy etish, ilg‘or tajribalardan foydalanish va samarali ish yuritish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar berildi.  

Shuningdek, mahsulot yetishtirish, eksportga yo‘naltirish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan kerakli ma’lumotlar berildi.  

[gallery-22899]

– Seminarda ishtirok etib, paxtadan yuqori hosil olish borasida amaliy qo‘llanmalar oldim, – deydi seminar ishtirokchisi, Izboskan tumanidagi “Yangi zamon” fermer xo‘jaligi rahbari Muhammadsoli To‘raboyev. – Qolaversa, o‘zaro muloqotlarda viloyatimizdagi, qo‘shni Farg‘ona, Namangan viloyatlari fermerlarining ilg‘or tajribalarini o‘rgandim. Umuman, ushbu seminar, menimcha, barcha ishtirokchilar uchun juda foydali bo‘ldi. Shaxsan o‘zim o‘rganganlarimni amaliyotga tatbiq etib, yuqori hosil olish uchun astoydil harakat qilaman.  

Tadbirda Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlari uchun ham alohida ma’ruza va muloqotlar tashkil etildi.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari