Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizning har bir go‘shasida tinchlik va omonlik bayrami sifatida tantana qilindi. Urush va urush orti faxriylari bilan bir qatorda afg‘on urushi ishtirokchilari bu kunlarda xalqimiz e’zozida bo‘ldilar.
Shu munosabat bilan Paxtachi tuman hokimi tashabbus ko‘rsatib, tumandagi 177 nafar afg‘on urushi ishtirokchilari uchun qadimiy va ko‘hna Buxoroga bepul ziyorat tashkil etdi.
O‘z ixtiyorlariga ko‘ra 36 nafar faxriy Buxoroning diqqatga sazovor joylari hisoblanmish Labi hovuz, Chorbakr, Ark qal’asi, Minorai kalon, Sitorai Mohi xosa majmualarida bo‘lishdi.
Ayniqsa , XIII asrdan buyon Sharq mamlakatlari hajviyotining benazir obrazi bo‘lib qolgan xo‘ja Nasriddin haykali oldidagi quvnoq kayfiyat o‘zaro askiyabozlikka aylanib, sobiq jangchilarning ruhiyatini ko‘tardi.
– Buxoroga sayohatimiz juda ajoyib ish bo‘ldi. Paxtachi hokimligi yigitlik burchini urush o‘chog‘i bo‘lgan afg‘on yerlarida o‘tagan paxtachiliklar uchun e’tibor qaratib, yo‘l xarajatlari-yu, barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Shu bahonada xizmat yillarini eslashdi, sobiq askarlarimiz, – deydi “VETERAN” jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi Paxtachi tuman Kengashi raisi X.Sa’dinov.
Bundan tashqari, Paxtachi hokimligi vakillari tuman hududidan Afg‘onistonda harbiy xizmat chog‘ida halok bo‘lgan besh jangchilar — F.Ochilov, F.Qulmurodov, M.Axnazarov, B.Temirov va M.Rahimovlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning yaqinlari holidan xabar olishdi. Afg‘on urushingiz bevaqt vafot etgan yigitlari darvozalariga eslatma yozuv lavhalarini o‘rnatishdi.
M.Pirnafasova